12:05 / 12.03.2021
13838

Million dollarlik pora. Harbiylar Aung San Suu Kini yana nimalarda ayblamoqda?

1 fevral kuni Myanmada hokimiyatni egallab olgan harbiylar mamlakat yetakchisi Aung San Suu Kini noqonuniy yo‘l bilan boylik orttirishda ham ayblashmoqda.

Foto: Reuters

Harbiylarning versiyasiga ko‘ra, pullar va oltinlarni unga Yangonning sobiq bosh vaziri Pxyo Min Teyn bergan. Xunta vakillarining so‘zlariga ko‘ra, uning o‘zi poraxo‘rlik holati haqida gapirgan. Shu bilan birga, harbiylar Aung San Suu Ki kimdan qanday pul olgani haqida dalil keltirishmagan.

«Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi yetakchisi fevral oyi boshidan buyon hibsda qolmoqda.

U aynan qayerda saqlanayotgani bo‘yicha aniq va ishonchli ma'lumot yo‘q. Qo‘lga olinganidan buyon unga ratsiyalarni chegaradan noqonuniy o‘tkazish, saqlash va foydalanish bo‘yicha, shuningdek, karantin qoidalarini va favqulodda holatlarni bartaraf etish bo‘yicha qonunlarni buzish ayblovlari qo‘yilgandi.

Payshanba kuni noqonuniy boylik orttirish bo‘yicha qo‘yilgan ayblovlar esa hozircha eng jiddiy ayblov bo‘lib turibdi.

Harbiylarning tasdiqlashicha, u pullar bilan birga olgan oltinlarning bahosi 600 ming dollarlik qiymatga ega. Shu tariqa, ularning versiyasiga ko‘ra, Aung San Suu Ki bir million dollardan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan.

«Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi deputati bu ayblovni tuhmat deb atadi.

«Ular o‘zlari Myanma ko‘chalarida begunoh insonlarni o‘ldirgani holda siyosatchini o‘g‘irlikda asossiz ayblashmoqda», degan deputat.

Payshanba kuni xavfsizlik kuchlari yana kamida yetti kishini o‘ldirishdi, natijada, mamlakat bo‘ylab davom etayotgan namoyishlar boshlanganidan buyon o‘ldirilgan tinch aholi vakillari soni 60dan oshdi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim namoyishchilarning boshini nishonga olib otib tashlashmoqda.

Amnesty International tashkiloti harbiylarni qotillikda ayblashmoqda, ayblovda harbiylar qurolsiz namoyishchilar nishonga tutib otilayotgani aytilgan.

«Bu ayrim xodimlarining o‘zboshimchalik bilan qabul qilayotgan qarorlari emas. Bu avvaldan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etib kelgan tajribali qo‘mondonlarning ongli ravishda qonxo‘rlik usullarini qo‘llashidir», degan Amnesty vakili Joan Mariner.

Myanmada fevral oyi boshida Aung San Suu Ki va boshqa fuqarolik hukumati rahbarlari qo‘lga olingach, keng ko‘lamli norozilik namoyishlari boshlanib ketgandi.

BMT, AQSh va boshqa ko‘plab davlatlar Myanmadagi harbiy davlat to‘ntarishiga qarshi chiqqan tinch aholi vakillari o‘ldirilishini qoralab chiqishgan va harbiylarni bunday harakatlardan tiyilishga chaqirgan. Hozircha bunday chaqiriqlar hech qanday samara keltirmadi.

Mavzu
Myanmada harbiylar isyoni
1 fevral kuni Myanmada harbiylar mamlakatning amaldagi rahbari Aung San Suu Kyini hibsga olib, hokimiyat armiya bosh qo‘mondoni Min Auing Hlaingga o‘tganini, bir yil davomida favqulodda holat rejimi amalda bo‘lishini e’lon qilishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top