10:40 / 12.03.2021
4758

O‘zbekiston va Qirg‘iziston biznes-forumi yakunlari bo‘yicha qariyb 1 mlrd dollarlik bitimlar imzolandi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston biznes-forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 935,1 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 291ta investitsiya va savdo bitimlari imzolandi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, joriy yil 11 mart kuni Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Toshkent shahridagi «Yashnobod» texnoparki hududida O‘zbekiston va Qirg‘iziston biznes-forumi hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi Ishbilarmonlar kengashi birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirlarda ikki mamlakat vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi. Qirg‘iziston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri U.Karmishakov, O‘zbekiston delegatsiyasiga bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov rahbarlik qildi.

Forumda so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Qirg‘iziston qo‘shma korxonalari soni ikki baravar ko‘paygani, savdo aylanmasi besh barobar ortgani va pandemiya salbiy oqibatlariga qaramasdan, 2020 yilda o‘zaro savdo hajmi 10 foizga o‘sgani ta'kidlandi.

Tomonlar ikki mamlakatning xususiy biznes vakillari o‘rtasida uzoq muddatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, o‘zbek-qirg‘iz ishbilarmonlari hamkorligi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish uchun ishonchli platforma sifatida Ishbilarmonlar kengashi tuzishni ma'qulladi.

Biznes-forum davomida ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari, tegishli vazirlik, idora rahbarlari hamda xususiy sektor vakillari ham so‘zga chiqdi. Rasmiy qismdan so‘ng “B2B” shaklidagi ikki tomonlama uchrashuvlar sessiyasi bo‘lib o‘tdi, unda ikki mamlakat tadbirkorlari hamkorlik istiqbollari va aniq loyiha takliflarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Istiqbolli tarmoqlar – qishloq xo‘jaligi, mineral va organik o‘g‘itlar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, ipakchilik tarmog‘i, turizm va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish salohiyati atroflicha ochib berildi. Shuningdek, biznes-forum qatnashchilariga har ikki mamlakatda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan sharoitlar, davlat aktivlarini xususiylashtirish, davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiyalash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, investorlar huquqlarini himoya qilish, eksportni rag‘batlantirish va biznes yuritish uchun sharoitlarni yaxshilash mexanizmlari haqida batafsil ma'lumot berildi.

Forum yakunlari bo‘yicha o‘zbek va qirg‘iz tadbirkorlari o‘rtasida umumiy qiymati 935,1 mln AQSh dollariga teng bo‘lgan 291ta investitsiya va savdo bitimlari imzolandi.

Mavzuga oid
Top