18:53 / 12.03.2021
3683

Senat ayrim hududlardagi xalq deputatlari mahalliy kengashlarining ayrim qarorlarini bekor qildi

Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati hamda G‘uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari va Qarshi shahar Kengashlarining ayrim qarorlari bekor qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining ayrim qarorlarini bekor qilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ushbu masala ko‘rib chiqilishiga Senatga Biznes ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan xalq deputatlari Surxondaryo viloyati hamda G‘uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari va Qarshi shahar kengashlarining ayrim qarorlarini bekor qilish bo‘yicha murojaatlar kelib tushgani asos bo‘lgan.

Senatning mas'ul qo‘mitalari tomonidan mazkur murojaatlar o‘rganib chiqilishi natijasida yuqorida ko‘rsatilgan mahalliy kengashlarning qarorlari haqiqatan ham qonun talablariga zidligi ma'lum bo‘lgan.

«Qarshi shahar, «Qarluqbog‘ot» mahallasida yashovchi fuqaro G.Haydarova 2011 yilda uy-joyni xususiylashtirgan va bu bo‘yicha shahar hokimining qarori qabul qilingan. Biroq oradan 6 yil o‘tib, 2017 yilda xalq deputatlari Qarshi shahar kengashi shahar hokimining ushbu qarorini bekor qilgan. Vaholanki, amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, xalq deputatlari mahalliy kengashlari xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish hamda bekor qilish vakolatiga ega emas.

Mazkur holat atroflicha o‘rganib chiqilganda xususiy mulkka doir barcha normalar va belgilangan tartib-taomillarga amal qilinmagani ma'lum bo‘ldi. Oqibatda fuqaro yillar davomida sarson bo‘lgan», – deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Ta'kidlanishicha, Xalq deputatlari G‘uzor, Mirishkor, Qarshi tumanlari kengashlarining fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomasini bekor qilishga oid qarorlarida ham shu holat kuzatilgan.

Bandixon tumanidagi «Bektepa» kichik sanoat zonasi hududida yo‘l qurilishi masalasida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan. Tadbirkor tenderda g‘olib bo‘lgan, biroq u bilan shartnoma tuzilmasdan obekt umuman boshqa tashkilotga berib yuborilgan. Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi esa o‘z qarori bilan hokimlikning ushbu xatti-harakatini qonuniylashtirib bergan.

Yalpi majlisda mahalliy kengashlarning yuqoridagi qarorlari ko‘rib chiqilib, ularni bekor qilish bo‘yicha Senatning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, qonun hujjatlariga kiritilgan so‘nggi qo‘shimchalarga muvofiq, Senatga mahalliy kengashlarning Konstitutsiya va qonunlarga, prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid keladigan qarorlarini bekor qilish vakolati berilgan.

Top