18:51 / 12.03.2021
13836

Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga eksport masalalarida «O‘zbekneftgaz» Boshqaruv raisiga topshiriqlar berdi

Prezident «O‘zbekneftgaz» mahsulotlarining Qirg‘izistonga eksportini bir necha barobarga oshirish va qo‘shnilarga minimal rentabellik asosida, qulay narxlarda mahsulot yetkazib berish zarurligini ta'kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 12 mart kuni Toshkent shahridagi «Texnopark» MChJda tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi.

Ko‘rgazma doirasida «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayevning tashabbusi bilan jamiyatning stendi ham tashkil etildi.

Ushbu ko‘rgazmada «O‘zbekneftgaz» AJ o‘z mahsulot va xizmatlari bilan qatnashmoqda. Kompaniya mazkur stendda tarmoq korxonalarining eksportga mo‘ljallangan polimer mahsulotlari (polietilen, polipropilen), suyultirilgan gaz, neft mahsulotlari (avtomobil yonilg‘ilari, aviakerosin, motor, mineral, transmissiya moylari, piroliz gazolini, GACh, KOKS), polimer quvurlar, tomchilatib sug‘orish tizimi ehtiyot qismlari va har xil turdagi oltingugurt mahsulotlari va boshqa yutuqlarini namoyish etmoqda.

Jamiyat boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarovga sohadagi imkoniyatlar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida so‘zlab berdi.

O‘z navbatida, prezident Shavkat Mirziyoyev savdo aloqalarini kengaytirish, sanoat korxonalari va hududlar o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirishi kerak bo‘lgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Kun.uz muxbiriga tashrif yuzasidan intervyu berdi.

«O‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish maqsadida, «O‘zbekneftgaz» AJ yetkazib berish hajmlarini 3,5 barobarga oshirishi, quyidagi mahsulotlarni eksport qilishi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Quyidagi mahsulotlarimizga qiziqish yuqori:

  • polimer granulalari;
  • oltingugurt;
  • piroliz gazolini;
  • boshqa neft mahsulotlari.

Shu bilan birga, «O‘zbekneftgaz» jamiyati tomonidan ishlab chiqariladigan dizel yonilg‘isi, aviakerosin, polimer quvurlar va boshqa mahsulotlarni Qirg‘iziston Respublikasiga yetkazib berish kerakligi bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Qirg‘izistonga o‘tgan yilgi eksportimiz hajmi 4 mln dollardan oshmagan. Joriy yilda bu ko‘rsatkichni 20 mln dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari qirg‘izistonlik hamkorlarimizga minimal rentabellik asosida, qulay narxlarda mahsulot yetkazib berish zarurligini ta'kidladi», – dedi Mehriddin Abdullayev.

Eslatib o‘tamiz, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining, jumladan «Uzbekneftgaz GTL» zavodining foydalanishga topshirilishi qirg‘izistonlik iste'molchilarga Yevro-5 talablariga mos neft mahsulotlarini yetkazib berish imkonini beradi.

Mavzuga oid
Top