13:10 / 17.03.2021
4708

Ma'muriy sudlar oxirgi 2 yilda hokimlarning 3 mingga yaqin qarorini noqonuniy deb topdi

O‘zbekiston Oliy sudida ma'muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay'ati hamda viloyatlar, tuman va shahar ma'muriy sudlarining tashkil etilishi davlat organlari va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, hamda g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish borasidagi huquqni amalga oshirish imkonini berdi. Bu haqda 16 mart kuni Oliy sudda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Ma'lum qilinishicha, 2019-2020 yillar mobaynida ma'muriy sudlar tomonidan 31 ming 321ta ariza ko‘rilib, shundan 21 ming 272tasi yoki 67,9 foizi qanoatlantirilgan. Jumladan, hokimlarning 2 ming 852ta qarori noqonuniy deb topilib, fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Shuningdek, jinoyat ishini qo‘shimcha tergov yuritish uchun qaytarish instituti bekor qilinib, dalillarga baho berish instituti takomillashtirildi. Natijada, o‘tgan 4 yilda 2 ming 770 nafar, faqat 2020 yilning o‘zida 781 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 3 ming 434 nafar shaxs sud zalidan ozod qilinib, 5 ming 958 nafar fuqaroga nisbatan asossiz qo‘yilgan moddalar ayblovlardan chiqarilgan yoki o‘zgartirilgan.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, ayni vaqtda sud qarorlari qonuniyligi va asosliligini qayta ko‘rib chiqishning amaldagi tizimini takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Jumladan, 2017 yilga qadar oltita sud instansiyasida sud qarorlari qayta ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, keyingi uch yilda bu instansiyalar soni to‘rttaga keltirildi.

Top