12:23 / 17.03.2021
3319

XTV huzuridagi Ta'lim markazining vazifalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi Respublika ta'lim markazi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, prezidentning «Ta'lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

  • umumiy o‘rta ta'limning davlat ta'lim standarti, tayanch va variativ o‘quv rejalari hamda dasturlarini ishlab chiqish;
  • Xalq ta'limi vazirligi buyurtmasiga asosan tuzuvchilarni tanlash hamda darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalar yagona maketlarini yaratish;
  • yaratilgan darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmalarni ekspertizadan o‘tkazish, ularni ta'lim tizimida qo‘llash bo‘yicha xulosa berish;
  • fanlar, ayniqsa, matematika, informatika, kimyo, biologiya va o‘zbek tili fanlari bo‘yicha darsliklar sifatli tayyorlanishini ta'minlash;
  • o‘quv-tarbiya jarayoniga «STEAM» fanlarini (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san'at, Mathematics – matematika) o‘qitish bo‘yicha ilg‘or pedagogik texnologiyalar va boshqa maqbul metodikalarni joriy etish;

Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan baholash mezonlari (KPI) asosida tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limlari fan metodistlari faoliyati samaradorligini tahlil qilish va ular reytingini shakllantirish.

2021 yil 1 apreldan boshlab Markaz direktorining mehnatga haq to‘lash shartlariga ko‘ra bazaviy lavozim maosh miqdorlari oliy ta'lim muassasasi rektoriga, direktor birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari – oliy ta'lim muassasasi prorektoriga, tarkibiy bo‘linmalar boshliqlari – oliy ta'lim muassasasi fakultet dekaniga, metodistlari ish haqi miqdori – oliy toifali o‘qituvchi bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtiriladi.

Markaz ta'lim sifatini oshirish maqsadida qo‘shimcha ravishda ishga jalb qilish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar, shu jumladan xorijiy ekspertlar va xorijda yashaydigan vatandoshlar bilan fuqarolik-huquqiy shartnomalar imzolashi mumkin.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalari uchun darsliklar va o‘quv-metodik majmualar ishlab chiqish uchun tuzuvchilarni tanlab olish va tasdiqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining umumta'lim fanlari bo‘yicha darsliklar va o‘quv-metodik majmualarni ekspertizadan o‘tkazish, ularga taqriz berish hamda ekspertlar va taqrizchilarga haq to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom.

Top