17:16 / 19.03.2021
3085

Namanganda erining mashinasini boshqargan ayol YPX xodimini urib yuborib, voqea joyidan qochib ketdi

Foto: KUN.UZ

Namangan viloyatida erining mashinasini boshqargan ayol YPX xodimini urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Bu haqda viloyat YPX axborot xizmati xabar berdi. 

Ma'lum qilinishicha, «Lacetti» haydovchisi YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunish o‘rniga uni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan.

Oqibatda, inspektor Soliyev bosh miya chayqalishi, o‘ng son yuqori sohasi yumshoq to‘qimalarining yengil shikastlanishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Xodimlar tomonidan qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida hodisa sababchisining shaxsiga oydinlik kiritilgan va avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

«Soat 22:30 larda shahar hokimligi oldiga bir fuqaroga qarzimni berish uchun keldim. Mashinam ichida bolalarim bor edi. Pulni beraman deb turgan paytimda mazam qochdi, yaqinda davolanib chiqqanman. Ozgina behalovat bo‘ldim, ayolimga rulni berib, shifoxonaga olib borishini aytdim», — deydi mashina egasi.

«Lacetti» haydovchisi rafiqasining so‘zlariga ko‘ra, u mashinani boshqarish vaqtida YPX xodimi yo‘ldan birdaniga chiqib qolganidan qo‘rqib ketib, shokka tushib qolgan. «Turmush o‘rtog‘imning mazasi bo‘lmayotgandi, YPX xodimi yo‘ldan birdaniga chiqib qolganidan qo‘rqib ketdim, shokka tushib qoldim, shu sababli urib yubordim», — deydi haydovchining rafiqasi.

Top