10:04 / 19.03.2021
1600

Navoiyda respublika ishchi guruhining sud-huquq sohasiga oid sayyor qabullari boshlandi 

Oliy sud, Bosh prokuratura hamda bir qator vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat ishchi guruhning Navoiy viloyatidagi sayyor qabullari boshlandi. Dastlabki qabul kecha, 18 mart kuni Zarafshon shahrida o‘tkazildi. Unda Zarafshon shahri, Uchquduq va Tomdi tumanlari fuqarolarining murojaatlari tinglandi.

Sayyor qabulda 79 nafar fuqaro sud-huquq sohasida murojaat qilgan. Qabul qilingan murojaatlarning 21 tasi jinoyat, 26 tasi fuqarolik,  8 tasi ma'muriy hamda 4 tasi esa  iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlarga oid bo‘lgan. 


 
Murojaatlarning 27 tasi joyida hal etilib, 52 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan. 3 ta murojaat bo‘yicha arizalar Oliy sud tomonidan kassatsiya tartibida hal qilish uchun qabul qilingan. Ta'kidlanishicha, ushbu murojaatlarning barchasi qanoatlantirilib, tegishli sudlov xay'atiga ko‘rib chiqish uchun o‘tkazildi.

Sayyor qabulda jinoyat ishlari bo‘yicha Zarafshon shahar sudi tomonidan 8 nafar shaxs jazoni o‘tashda muddatidan oldin shartli ozod qilingan, 5 nafar mahkumning jazosi yengilrog‘iga almashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Tomdi tuman sudi tomonidan esa 3 nafar mahkum muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

Zarafshon tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan sayyor qabul arafasida 5 ta iqtisodiy ish mazmunan ko‘rilgan edi. Shundan 3 ta ish bo‘yicha tadbirkorlar foydasiga jami 24 million 412 ming so‘m undirilgan bo‘lsa, tadbirkorga nisbatan asossiz kiritilgan 51,4 million so‘mlik 2 ta ish qanoatlantirishdan rad qilinib, tadbirkorning huquqlari sud tomonidan himoya qilindi.

Top