14:54 / 20.03.2021
7283

O‘zbekistonda xotin-qizlar uchun yagona interaktiv milliy platforma ishlab chiqildi

Vazirlar Mahkamasining “Aziz-Ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Bosh prokuratura hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan xotin-qizlarni turmushga tayyorlash, ularda farzand tarbiyasiga oid ko‘nikmalarni mukammal shakllantirish, turli tazyiq, zo‘ravonlikdan himoya qilish, oilalarda suitsid va ajralishlar oldini olish, xotin-qizlar ma'naviyatini yuksaltirish, bandligini ta'minlash, kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish maqsadida “Aziz-Ayol.uz” yagona interaktiv milliy platformasi ishlab chiqilgan.

Quyidagilar platformaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • xotin-qizlar, shu jumladan “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta'minlashga ko‘maklashish;
  • xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatishga imkoniyat yaratish;
  • xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etishga ko‘maklashish;
  • xotin-qizlarga psixologik, huquqiy hamda tibbiy maslahat berish va shu orqali ularni turli tazyiq, zo‘ravonlikdan himoya qilish, oilalarda suitsid, ajrim va boshqa salbiy holatlar oldini olish;
  • xotin-qizlarni turmushga, farzand tarbiyasiga tayyorlash va sog‘lom turmush tarziga o‘rgatish;
  • xotin-qizlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni ommalashtirish.

Bosh prokuratura va Kasaba uyushmalari federatsiyasining platformani Kasaba uyushmalari federatsiyasiga bepul o‘tkazish haqidagi taklifiga rozilik beriladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

  • platformaga bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma'lumotlarni yuklash va har o‘n besh kunda yangilab borish;
  • xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatadigan onlayn to‘garaklar tashkil etish, o‘quv qo‘llanmalar va videomateriallarni yuklab borish choralarini ko‘radi.

Kasaba uyushmalari federatsiyasi soliq idoralari va “Xalq banki” bilan integratsiyalashgan idoralararo hamkorlikda xotin-qizlar ishga joylashgani haqqoniyligini doimiy tarzda onlayn o‘rganib boradi.

Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida biznes g‘oyalar, imtiyozli kreditlar, subsidiyalar, bo‘sh binolar, auksion orqali sotiladigan yerlar va boshqa ma'lumotlarni platformaga yuklash va har o‘n besh kunda yangilab borishni ta'minlaydi.

Adliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish respublika markazi:

  • platformaga hududlar kesimida ishonch telefoni raqamlari kiritilishi va ularning uzluksiz (24 soat) ishlashini ta'minlaydi;
  • platforma orqali huquqiy, tibbiy, psixologik maslahat hamda zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalanish maqsadida yordam so‘rab qilingan onlayn murojaatlarni (telefon, sms) qabul qilib, platforma orqali zudlik bilan zarur maslahatlarni berib borish;
  • homiladorlik va tug‘ish ta'tillariga chiqish, ijtimoiy nafaqalar olish, pensiyaga chiqish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan tartiblarni yoritib borish choralarini ko‘radi.
Top