13:47 / 22.03.2021
18476

Dunyodagi vaziyat: Germaniya va Polsha uchinchi to‘lqin domida qoldi

Yevropa mamlakatlari koronavirusning uchinchi to‘lqini haqida gapirishmoqda: kasallanish ko‘rsatkichlari keskin oshishi fonida Germaniya hukumati karantin choralarini aprel oyi oxirigacha saqlab qolishni mo‘ljallamoqda, Polshada Covid-19 bilan kasallanish holatlari o‘tgan haftadagi ko‘rsatkichlarga qaraganda 30 foizga o‘sgan. Bu vaqtda Tanzaniyada minglab kishilar ijtimoiy masofaga rioya qilmasdan, pandemiyaga skeptik yondashuvi bilan tanilgan marhum prezident bilan xayrlashish marosimiga kelishdi.

Germaniya: qat'iy karantin aprel oyi davomida ham amal qiladi
Germaniya kansleri Angela Merkel qat'iy karantin choralarini kamida 18 aprelgacha saqlab qolmoqchi. «Frans press» va «Reyter» agentliklari jurnalistlariga kelib tushgan qaror loyihasi matniga ko‘ra, cheklovlarni aprel oyi davomida saqlab qolish rejalashtirilgan. Hujjat dushanba kuni GFRning barcha hududlari rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin tasdiqlanishi kutilmoqda.

Mart oyi boshida o‘tkazilgan avvalgi uchrashuvda barcha yerlar rahbarlari Merkel Covid-19’ning yangi shtammlari tez tarqalayotgani haqidagi ogohlantirganiga qaramasdan, karantinni bosqichma-bosqich yengillashtirish bo‘yicha rejani ma'qullashgandi. Ammo Germaniyada kasallikka chalinganlar soni keskin o‘sa boshladi va mamlakatda pandemiyaning uchinchi to‘lqini boshlangani haqida gapira boshlashdi.

Shanba kuni Robert Kox instituti 16 033ta yangi holatni tasdiqladi -  bu bir hafta oldingi holatga nisbatan 3359taga ko‘p demakdir. Yakshanba kuni GFR aholisining har 100 ming nafariga 103,9ta kasallanish holati to‘g‘ri kelayotgandi. Institut ekspertlari 100 ming kishiga 100dan ortiq tashxis to‘g‘ri kela boshlaganida jonlantirish bo‘limlari yangi kasallarni qabul qila olmay qolishini prognoz qilishgandi.

Germaniyada o‘tgan yilning dekabrida karantin joriy etilgandi, shu tariqa, agar bugun cheklovlar yana uzaytirilsa, bu karantin davomiyligi besh oyni tashkil etadi.

«Reyter» ma'lumotiga ko‘ra, Germaniya xorijdan keluvchilarning barchasi uchun majburiy karantin joriy etish ehtimolini ham ko‘rib chiqmoqda. Shanba kuni Merkel fuqarolarni pasxa ta'tillari vaqtida boshqa mamlakatlarga ketmaslikka chaqirdi.

Polsha: kasallanish ko‘rsatkichlari bir hafta ichida uch barobar oshdi
Koronavirusning uchinchi to‘lqini Polshani butunlay qamrab olgan. Mamlakatda yakshanba kuni 21 ming 849 kishiga Covid-19’dan zararlanish tashxisi qo‘yildi, bu esa bir hafta oldingi kunlik ko‘rsatkichga qaraganda 27 foizga yuqoridir.

Yakshanba kuni Polsha sog‘liqni saqlash vazirligi kun davomida 140 kishi koronavirusdan vafot etganini ma'lum qildi. Vazir Adam Nedzelskiy yangi holatlarning 80 foizi ilk marta o‘tgan yil kuzida Britaniyada paydo bo‘lgan Covid-19’ning yangi shtammi bilan bog‘liqligini ma'lum qildi.

Ayni vaqtda mamlakatdagi shifoxonalarda mavjud o‘rinlarning 70 foizi band bo‘lgan, sun'iy nafas oldirish apparatlariga ulangan bemorlar soni pandemiya davridagi eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Polshada yana dala gospitallari faoliyati tiklanmoqda, bu orqali 8 mingta qo‘shimcha koyka bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgacha Polsha aholisining 13 foizga yaqini vaksinatsiya qilingan: tibbiyot xodimlari 5 mln dozaga yaqin vaksina tarqatishgan.

Shanba kunidan mamlakatda yangi lokdaun amal qila boshladi. 9 aprelgacha savdo markazlari, mehmonxonalar, sport va madaniyat muassasalari yopiq bo‘ladi. Boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari masofaviy ta'limga qaytishgan (katta sinf o‘quvchilari ancha vaqtdan buyon uyda o‘qimoqda).

Polshada pandemiya boshidan buyon Covid-19 bilan kasallanganlar soni 2 milliondan oshgan, 49,3 ming kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

Fransiyada karantin
Koronavirusga chalinish holatlari o‘sishi va shifoxonalar to‘lishi ortidan shanba va yakshanba kunlari Fransiyada qisman karantin amal qildi. Bu cheklov choralari mamlakatning 16 hududida, shu jumladan, Parij va uning atrofida yashovchi 21 million fransuzga taalluqli bo‘ldi.

Ko‘plab do‘konlar yopilgan, bir regiondan boshqa regionga o‘tish taqiqlangan, fuqarolardan faqat uydan ishlash so‘ralmoqda. Ammo sartaroshxonalar, gul salonlari va avtomobil ustaxonalari faoliyatiga xavfsizlik choralariga amal qilgan holda ishlashga ruxsat berilgan. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari maktabga qatnashi mumkin, katta sinf o‘quvchilari esa qisman onlayn ta'lim olmoqda.

Yashash joyidan 10 km masofaga uzoqlashish taqiqlanadi, faqat favqulodda holatlar bundan mustasno, bunday holatlarda fuqarolardan safar sababi ko‘rsatilgan rasmiy xat ko‘rsatish talab etiladi.

Ko‘plab parijliklar karantindan oldin shahardan chiqib ketishga qaror qilishgan: yoki poyezdlarda yoki shaxsiy avtomobillarida. Lokdaun boshlanishiga bir necha soat vaqt qolganida cheklovlar amal qilmaydigan Lion shahri, Bretan va boshqa viloyatlarga poyezd yo‘nalishlari uchun chiptalar qolmagandi.

Pandemiya boshidan buyon Fransiyada virusdan zararlanish bilan bog‘liq 4,2 milliondan ortiq holat qayd etilgan. Kasallik tufayli vafot etganlar soni 92 mingdan oshadi.

Tanzaniya: Covid-19’ni inkor qilgan prezidentning dafn marosimiga minglab kishilar keldi

Tanzaniyaning minglab fuqarolari mamlakatning marhum prezidenti Jon Magufulining dafn marosimida ishtirok etishdi. Bu siyosatchi koronavirus pandemiyasiga bepisandlik bilan yondashuvi orqali tanilgandi. Uning o‘limiga rasman yurak xuruji sabab bo‘lgani ma'lum qilindi, ammo muxolifatchilar u kovidga chalinganini aytishgan. O‘limi arafasida prezident bir necha hafta davomida odamlarga ko‘rinish bermagan.

Marhum prezident bilan xayrlashuv marosimiga kelganlar ijtimoiy masofa saqlashga rioya etishmagan, faqat sanoqli kishilar tibbiy niqobda bo‘lgan.

Milliy bayroqqa o‘ralgan tobut Tanzaniyaning eng yirik shahri bo‘lmish Dor-us-Salomdagi «Uxuru» stadioniga o‘rnatilgan. Marosimda mamlakatning yangi prezidenti, Magufulu davrida vitse-prezident bo‘lgan va uning qo‘qqisdan vafot etishi tufayli qonunchilikka asosan 2025 yilgacha prezidentlik qiladigan Samiya Suduhu Hassan rahbarlik qilgan.

61 yoshli siyosatchi chorshanba kuni vafot etgandi.

Magufuli avvaliga Tanzaniyada Covid-19 yo‘qligini aytib kelgan, keyinroq toat-ibodat bilan koronavirus mag‘lub etilganini ma'lum qilgan. Fevral oyida bir necha nufuzli siyosatchi kasallikdan vafot etgach, Magufuli  mamlakatda Covid-19 borligini tan olgandi.

Yevropa AstraZeneca bilan emlashni tiklamoqda
Yevropa mamlakatlari AstraZeneca vaksinasi bilan emlashni tiklamoqda, Yevropa dori-darmon agentligi (EMA) vaksina xavfsiz va samarali ekanini tasdiqlagandi.

Yevropaning qator mamlakatlarida AstraZeneca preparati bilan emlanganlar orasida qon quyuqlashishi holatlari kuzatilgach, regulyator mutaxassislari tadqiqot o‘tkazishni boshlagandi.

Payshanba kuni YeMA AstraZeneca vaksinasi bilan emlash hamda bir necha patsiyentda tromboz hosil bo‘lishi o‘rtasida bog‘liqlik yo‘qligini e'lon qildi.

Shundan so‘ng Fransiya, Germaniya, Italiya, Portugaliya, Latviya va Litva kabi davlatlarda AstraZeneca bilan emlash qayta yo‘lga qo‘yildi.

Niderlandlar shu haftadan AstraZeneca vaksinasini qo‘llashga qaytadi. Mamlakat hukumatining ma'lum qilishicha, tanaffus tufayli 110 ming kishini emlash kechikdi.

Ispaniya ham AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni qayta yo‘lga qo‘yadi. Shvetsiya va Norvegiya mahalliy mutaxassislarning tadqiqot natijalarini kutishga qaror qilgan.

Juma kuni Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson AstraZeneca vaksinasi bilan emlandi.

Kasteks Sen-Mande shahridagi harbiy gospital hududida vaksina qabul qildi, jarayon BFMTV telekanali orqali jonli tarzda namoyish etildi. In'yeksiya qabul qilganidan keyin u hech qanday noxushlik sezmayotganini bildirgan.

Kasteks 55 yoshda va u prioritetdagi kategoriyaga kirmaydi. Ammo bosh vazir AstraZeneca vaksinasiga to‘liq ishonishi va fuqarolardagi shubhalarni tarqatish uchun vaksinani qabul qilishga qaror qilgan.

Boris Jonson 56 yoshda, Britaniyada esa hozirda aynan 56-60 yoshlardagilarni emlash boshlangan. Jonson matbuot anjumanida AstraZeneca vaksinasi xavfsiz va samaradorligiga ishonchi komil ekanini aytib o‘tdi.

«Nima xavfli bilasizlarmi - kovidga chalinish. Shu tufayli biz birinchi imkoniyatdayoq vaksinani qabul qilishimiz kerak», degan u.

Jonson 2020 yil aprelida koronavirusga chalinib, jonlantirish bo‘limiga tushgan, kasalxonadan chiqqach, o‘zining hayotini saqlab qolgani uchun shifokorlar va hamshiralarga minnatdorchilik bildirgandi.

Festival-eksperiment
Dam olish kunlarida Niderlandiyada ochiq osmon ostida tajribaviy musiqa festivali o‘tkazildi, unda ishtirok etganlar didjyeylar qo‘ygan musiqa sadolari ostida xuddi pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi kabi raqs tushib, ko‘ngilxushlik qilishdi.

«Back to Life» («Hayotga qaytish») nomini olgan festival Amsterdam yaqinidagi Biddingxyoyzen qishlog‘ida tashkillashtirildi va Niderlandiya hukumati hamda ko‘ngilochar obektlar sohasi sanoatining qo‘shma loyihasi bo‘lmish Fieldlab tashkiloti tadqiqotlarining bir qismi bo‘ldi. Tadqiqotdan maqsad - pandemiya davrida eng ko‘p zarar ko‘rgan sanoat kelajagi uchun optimal qaror topishdir.

Keluvchilardan koronavirus testining manfiy natijasini ko‘rsatish talab etiladi, ularning bo‘ynida harakatni kuzatish imkonini beruvchi maxsus priborlar osilgan bo‘ladi. Bir necha kun o‘tib ular yana koronavirusga test topshirishadi. Marosim qoidalariga ko‘ra, ishtirokchilarning barchasi tibbiy niqobda bo‘lishi shart hisoblanadi. Ammo amalda deyarli hech kim niqob taqmagandi.

Tashkilotchilar festival haqida e'lon qilishganida, unda ishtirok etish uchun 1500 o‘ringa 100 mingdan ortiq kishi murojaat qilgan. Voqea joyidan xabar bergan BBC muxbirining aytishicha, tashrif buyuruvchilarning marosimdan ko‘ngli to‘lgan. Ular bu yerda haqiqiy hayotdagi barcha qiyinchiliklar parda ortida qolganini his qilishgan.

Shu bilan birga, Niderlandiya hukumati koronavirusga chalinish bilan yangi holatlar keskin o‘sishidan xavotirga tushmoqda: shanba kuni 7593 kishida virus aniqlandi, bu esa o‘tgan haftaning shu kunidagiga qaraganda 20 foizga ko‘proqdir.

Mayami-Bichda talabalar oqimi tufayli komendantlik soati
AQShdagi kurort shahar Mayami-Bichda shahar rasmiylari bahorgi ta'tilni o‘tkazish uchun kelayotgan talabalar oqimi  tufayli favqulodda holat e'lon qildi. Cheklovlar koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan.

Restoranlar va kafelarda derazalar va mebellar sindirilishi bilan kechgan bir necha kunlik to‘s-to‘polondan keyin hukumat soat kechki 8dan ertalabki 6ga qadar amal qiluvchi komendantlik soati joriy etdi, bu cheklovlar uch kun amal qiladi.

Shahar ko‘chalarida SWAT maxsus xizmati jangchilari navbatchilik qilmoqda. Shanba kuni politsiya yig‘ilganlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘lladi - yig‘ilganlar bir-biriga yaqin turgan va ularda niqob yo‘q edi.

«Shahrimiz tartibsiz holatga keldi. Biz siyosatimizni ular o‘t qo‘yib yubormasligiga umid qilgan holda olib bora olmaymiz», deya vaziyatni izohlagan Mayami-Bich meri Den Gelber.

Florida - AQShning koronavirusdan eng jiddiy jabr ko‘rgan shtatlaridan biri bo‘lib, pandemiya boshidan buyon bu yerda qariyb ikki million kishi virusdan zararlangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top