23:34 / 22.03.2021
25275

Dunyodagi vaziyat: Hindistonda xavotirli signal, Irlandiya yangi to‘lqinga tayyorlanmoqda

Aholi tig‘iz yashovchi Hindistonda kasallanish ko‘rsatkichlari keskin oshdi, YeI Britaniyani vaksinasiz qoldirmoqchi, Irlandiya hukumati kovidning yangi to‘lqiniga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha so‘nggi xabarlar kunlik obzorda keltiriladi.

Foto: Zuma/TASS

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, Covid-19 pandemiyasi boshidan buyon butun dunyoda virusdan zararlanganlar soni 123,3 mln kishidan oshgan, virus qurbonlari soni - 2,7 mln.

AQShda virusga chalinganlar soni 30 millionga yaqinlashmoqda, 542 ming amerikalik virus tufayli vafot etgan. Bu mamlakat kasallanish holatlari soni bo‘yicha ham, o‘lim holatlari soni bo‘yicha ham dunyoda eng yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda.

YeI va Britaniya vaksinani bo‘lisholmayapti
Britaniya va Yevroittifoq o‘rtasida AstraZeneca vaksinalari taqsimoti bo‘yicha bahsli holat saqlanib turibdi: YeI blokdagi mamlakatlar vaksina bilan ta'minlanmaguncha preparatning  eksportini to‘xtatib qo‘ymoqchi. Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning so‘zlariga ko‘ra, bu texnik jihatdan imkon doirasidagi ish, ammo Yevroittifoq o‘z majburiyatlarini bajarishga intilmoqda va muloqotga tayyor.

Payshanba kuni Yevropa yetakchilari va Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘rtasida videoaloqa shaklidagi muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘sha kuni Bryusselda YeI sammiti vaqtida ham vaksinalarni qit'adan olib chiqishni taqiqlash masalasi muhokama etiladi.

Yevroittifoq rahbariyati AstraZeneca kompaniyasini vaziyatni keskinlashtirmaslik va Yevropa davlatlarini shartnomalarda ko‘rsatilgan muddatlarda vaksinalar bilan ta'minlashga chaqirmoqda. Agar Britaniyaga eksport taqiqlansa, bu vaksinatsiya tempini sezilarli darajada pasaytiradi va britan hukumati koronavirus cheklovlarini uzaytirishga majbur bo‘ladi.

Vaksinalarni ishlab chiqaruvchi zavodlar buyurtmalar haddan tashqari ko‘pligi tufayli ularni o‘z vaqtida bajara olmayapti, natijada Yevropadagi barcha davlatlarda vaksinalar yetib kelishi kechikishi kuzatilmoqda.

Boris Jonson uchinchi to‘lqin xavfidan ogohlantirmoqda
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson o‘ziga xos ohangda koronavirusning uchinchi to‘lqini Britaniya qirg‘oqlariga yetib kelgani haqida ogohlantirdi.

«Bu qanchalar g‘amgin bo‘lmasin, hozirda qit'ada uchinchi to‘lqin kechayotganini kuzatishimiz mumkin. Shu tufayli avvalgi tajribadan kelib chiqqan holda mamlakatimiz aholisi illyuziyaga berilmasligi kerak: qo‘rqamanki, yangi to‘lqin qirg‘oqlarimizga yetib kelgan».

«Gumon qilamanki, biz yana uning oqibatlari bilan to‘qnashamiz, shu tufayli vaksinatsiya dasturini tezroq amalga oshirishimiz darkor», deya qo‘shimcha qilgan u.

Irlandiya uchinchi to‘lqin yoqasida
Irlandiyalik shifokorlar shu vaqtgacha emlanganlar soni koronavirus tarqalishini sekinlashtirish uchun yetarli emasligini ma'lum qilishdi.

Irlandiya kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo‘yicha departament rahbari, professor Martin Kormikan mamlakatda kovid statistikasi pasayishdan to‘xtaganini aytdi, endilikda kasallanish ko‘rsatkichlari shitob bilan ko‘tarilishi kutilmoqda.

Yakshanba kuni bu mamlakatda 769ta yangi kasallanish holatlari qayd etildi - bu so‘nggi oylarda kuzatilgan eng yuqori kunlik o‘sishdir. Irlandiya hukumati mamlakatda koronavirusning yangi to‘lqini boshlanayotganini istisno etmayapti.

Saylovlar kunidagi o‘lim
Kongo Respublikasi prezidentligiga nomzod, muxolifat yetakchisi Gay Bris Parfe Kolelas yakshanba kuni, saylovlar kunida, saylov uchastkalari yopilishiga bir necha soat vaqt qolganida koronavirus tufayli vafot etdi.

Saylov kuni arafasida kongolezlarning ijtimoiy tarmoqlarida shifoxonada yotgan 61 yoshli nomzod kislorod niqobini yechgani va o‘z tarafdorlarini saylovda qatnashish uchun borishga chaqirgani aks etgan video tarqalgandi. U o‘lim bilan olishayotganini qo‘shimcha qilgandi.

Kolelasning vakillari u davolanish uchun Fransiyaga olib ketilayotganida, samolyot bortida jon berganini ma'lum qilgan.

Bu safargi prezidentlik saylovlarida Gay Bris Parfe Kolelas mamlakatni 1979 yildan buyon (1992-97 yillar oralig‘idagi besh yillik davr hisobdan tashqarida, u 1992 yilgi saylovlarda yutqazgandi) boshqarib kelayotgan prezident Deni Sassu-Ngessoga qarshi chiqayotgan olti nomzoddan biri edi.

Kongo Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, nomzodlardan biri vafot etgan taqdirda, saylov natijalari bekor qilinmaydi.

Hindistondan «xavotirli signal»
Hindistonda o‘tgan haftada 260 mingta yangi kasallanish holati qayd etildi. Bu pandemiya boshidan buyon eng yuqori haftalik ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi. Barcha tashxislarning 70 foizi mamlakat g‘arbidagi Maxarashtra shtati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Yakshanba kuni 43 846 kishida virus aniqlangan — bu o‘tgan yil noyabr oyi o‘rtalaridan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich.

Olimlarning fikricha, kasallanish ko‘rsatkichlari o‘sishi yangi shtammlar bilan emas, ommaviy tadbirlar va ularda sanitar qoidalarga rioya etilmayotgani bilan bog‘liqdir.

Kasallik avj olishi tufayli ba'zi shtatlar ommaviy yig‘ilishlarga nisbatan taqiqni qaytadan kuchga kiritdi. Maxarashtraning ba'zi tumanlarida oy oxirigacha karantin joriy qilindi.

Hindiston butun dunyo reytingida kasallanish ko‘rsatkichlari bo‘yicha uchinchi o‘rinda - 11,6 mln kishi virus yuqtirib olgan (faqat AQSh va Braziliya oldinda), o‘lim holatlari bo‘yicha esa to‘rtinchi o‘rinda - 160 mingdan oshiq qurbon (AQSh, Braziliya va Meksikadan keyin).

Ekspertlar Hindistonda kasallanish darajasi keskin o‘sishini butun dunyo uchun xavotirli signal deb atashmoqda va boshqa mamlakatlarni ommaviy vaksinatsiyalarga ishonib qolmaslikka va prognozlardan tiyilishga chaqirmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top