14:27 / 24.03.2021
4793

Senat raisi ayrim jinoyatlar statistikasi sun'iy ravishda kamaytirilayotganini ma'lum qildi

Oliy Majlis Senati huzuridagi majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish milliy komissiyasi yig‘ilishida Senat raisi Tanzila Norboyeva majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va kamchiliklar haqida ma'lumot berdi.

Foto: KUN.UZ

Tanzila Norboyeva odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash, jinoiy ta'qib qilish, javobgarlikka tortish, jabrlangan shaxslarni himoya qilish mexanizmi yaxshi ishlamayotgani, odam savdosiga oid jinoyatlar statistikasini sun'iy ravishda kamaytirishga urinish bo‘layotganini qoraladi.

«Odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash, jinoiy ta'qib qilish, javobgarlikka tortishni ta'minlash va ushbu toifadagi jinoyatlardan jabrlangan shaxslarni himoya qilish borasidagi ishlar mexanizmi samarali yo‘lga qo‘yilmagan. Misol uchun, 2020 yilda odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq kelib tushgan 1 029ta murojaatdan bor-yo‘g‘i 93tasi, ya'ni 9 foizi bo‘yicha jinoiy ish ochilib, 129 nafar aybdorga nisbatan qonuniy chora ko‘rilgan.

Bu ko‘rsatkichlar 2019 yilga qaraganda yanada kamaygan. Bularni saralab emas, hammasini jinoiy javobgarlikka tortish kerak. Nima uchun bularni xaspo‘shlayapmiz.

Mazkur jinoyatlardan jabrlangan shaxslarning 92 nafariga Respublika reabilitatsiya markazi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich ham 2019 yilga nisbatan 2,4 baravarga kamaygan.

Xalqaro tashkilotlar va AQSh Davlat departamenti ma'lumotlarida ham respublikada odam savdosiga oid jinoyatlarni aniqlash, ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish borasidagi ko‘rsatkichlar 6 yildan buyon kamayib borayotgani tanqid qilinmoqda», dedi Senat raisi.

Shuningdek, u bu kabi jinoyatlarning kamayishi ish yaxshi yo‘lga qo‘yilganini anglatmasligini, jinoyatlarni ochish bugunning asosiy prinsipi ekanini ta'kidlagan.

«Biz o‘zimizcha o‘ylayapmizki, kamaytirib aytsak ishimizga besh baho beriladi, bizni maqtashadi deb. Lekin faktlar bor, shunga asosan jinoiy javobgarlik belgilash mumkin-ku. Nima uchun qo‘llamayapmiz, kimdan gap eshitishdan qo‘rqyapmiz. Hozir jinoyatlar ko‘paysa gap eshitiladigan zamon emas, balki jinoyatlarni ochish asosiy prinsip hisoblanadi.

Xalqaro tashkilotlar hisobotlarini tayyorlashda statistik raqamlarni nafaqat bizdan, balki turli nodavlat notijorat tashkilotlardan ham oladi. Ularning ma'lumotlari va huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar raqamlari taqqoslanganda farq ko‘rinib qoladi», dedi Senat raisi.

Top