10:27 / 25.03.2021
6386

Navoiy viloyat hokimligi: qurilish ishlaridagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda

Qurilish vazirligi rasmiy saytida «Navoiyda ham «g‘alvir suvdan ko‘tarildi» sarlavhali maqola e'lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda Zarafshon shahar 14-kichik tumanida qurilayotgan binolar muhokamalarga sabab bo‘ldi. Navoiy viloyat hokimligi mazkur holat yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

Hokimlik axborot xizmatiga ko‘ra, xabarda Zarafshon shahar 14-kichik tumanida «Sifat Qurilish Zarafshon» MChJ tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 maydagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari, ya'ni shaharsozlikka ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmagan hamda hududiy inspeksiyani xabardor etmasdan ko‘p qavatli turar joy obektida noqonuniy ravishda qurilish-montaj ishlari boshlangani aytilgan. Mazkur holat hokimlik tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Qisqa muddatli tekshiruvdan so‘ng jamiyat mansabdoriga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilib, Zarafshon shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha sudiga yuborilgan.  

Bundan tashqari, Qurilish vazirligining 2021 yil 10 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 yanvardagi 6-f son Farmoyishi ijrosini ta'minlash to‘g‘risida»gi buyrug‘i hamda Navoiy viloyat hokimi o‘rinbosarining 2021 yil 15 yanvardagi «Viloyat hududlarida xususiy tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ko‘p qavatli uy-joylar hamda noturar obektlari qurilishi jarayonida sifat jihatidan amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh tarkibini tasdiqlash to‘g‘risida»gi topshirig‘iga asosan viloyat hududlarida mazkur masalada o‘rganishlar o‘tkazilgan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan qurilish-montaj ishlarining loyiha asosida va sifatli bajarilishi hamda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan Davlat xizmatlari agentligi orqali qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risida inspeksiyaga xabarnoma yubormasdan boshlangan qurilish obektlari aniqlanib, nazoratga olingan.

Holat bo‘yicha Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 99-moddasi 7-qismi bilan o‘rnatilgan tartibda hujjatlar to‘plami rasmiylashtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan maqolalardagi obektlarni o‘rganib chiqqanimizda, ularda qurilish-montaj ishlarini boshlash to‘g‘risidagi xabarnomani yuborishgacha bo‘lgan hujjatlar, jumladan, yer ajratish qarori, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i, loyiha-smeta hujjatlari mavjud bo‘lib, faqat qurilish obektlarida qurilish-montaj ishlarini inspeksiyaga xabarnoma yubormasdan boshlashgani aniqlandi.

Navoiy viloyat hokimligining hududlarda qurilish sohasida qonunchiligini tartibga solish borasidagi bevosita amaliy yordami bilan tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan inspeksiyani xabardor etmasdan boshlangan qurilish obektlarini qonunchilikka muvofiqlashtirish borasidagi ishlar boshlangan.

Jumladan, «ZARAFSHON BINOINSHOOT QURILISH» MChJ, «HAKIMZODA» MChJ, «OSIYo YuGRA» XK va «LAYLO ULGURJI SAVDO» MChJlar tomonidan olib borilayotgan qurilish obektlari qisqa muddatlarda hujjatlar rasmiylashtirilib, hududiy inspeksiyaga xabarnomalar yuborildi hamda inspeksiyadan ro‘yxatdan o‘tkazildi. Ijro hujjatlari rasmiylashtirishda ma'lum vaqt talab etilgan obektlarda qurilish-montaj ishlari vaqtincha to‘xtatilib, xabarnoma uchun zaruriy hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha yo‘nalishlar berib borilmoqda, deyiladi Navoiy viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lumotida.

Top