13:06 / 25.03.2021
8930

«Zarafshan Golden Group» MChJ: «Qurilishdagi kamchiliklar bartaraf etilmoqda»

So‘nggi kunlarda Navoiy viloyatida noqonuniy ravishda binolar qurilayotgani haqda xabarlar paydo bo‘lib, muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Jumladan, qurilish vazirligi saytida bu bo‘yicha e'lon qilingan xabarda qurilayotgan binolarda hududiy inspeksiyani xabardor qilmaslik, texnik ijro hujjatlari yuritilmagani ma'lum qilingan.

«Zarafshan Golden Group» mas'uliyati cheklangan jamiyati axborot xizmati holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qildi:

Zarafshon shahar hokimining 2020 yil 28 iyuldagi Q-214-sonli qarori bilan «Zarafshan Golden Group» MChJga Zarafshon shahar 13-kichik tuman hududidan, shaharning bosh rejasiga asosan «Ko‘p qavatli turar-joy binosi qurish uchun» 0,525 ga yer maydoni ajratib berilgan.

Ushbu hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i Navoiy viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i tomonidan 2020 yil 25 avgustda tasdiqlangan hamda tabiiy gaz, elektr tarmoqlari, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlariga ulanish yuzasidan texnik shartlar berilgan. Davlat ekologik ekspertizasi xulosasi olingan.

Mazkur yer maydonida yurtimizda birinchi bor yig‘ma temir-beton konstruksiyalari asosida zamonaviy, 12 qavatli turar-joy binosi qurish uchun Rossiyaning «UDS-Injiniring» kompaniyasi bilan 2020 yil 24 avgustda imzolangan shartnomaga asosan loyiha-smeta hujjatlari tayyorlab berildi.

Qurilish obektini yurtimizda adaptatsiyadan o‘tkazishda ma'lum vaqt talab etilib, «TOSHUYJOYL ITI» AJ tomonidan adaptatsiya ishlari yakunlandi. Qurilish obektida faqat kotlovan qismi ishlari yakunlanib, loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlatib, belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan.

Hujjatlar qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar joriy yil 9 fevralda ana shu inspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatmaga asosan qurilish ishlari to‘xtatilgan va bu haqda inspeksiyaga darhol xabar qilingan.

Shuningdek, jamiyatimiz ta'sischisi hisoblangan «ZARAFSHON BUILDINGS» MChJ tomonidan Toshkent shahar, Yakkasaroy tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 4937-sonli qaroriga asosan turar-joy binolari, savdo va maishiy binolar qurilishi yuzasidan ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlari tasdiqlanib, texnik shartlar, davlat ekologik xulosasi va boshqa zaruriy hujjatlar to‘liq rasmiylashtirilmoqda.

Tegishli hujjatlar o‘z vaqtida rasmiylashtirilmaganligi va qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilganligi ma'lum qilinadi.

Reklama huquqi asosida

Top