16:59 / 26.03.2021
11925

Samarqandda MIB xodimlarini kaltaklagan shaxslarga sud hukmi o‘qildi

Samarqand viloyati Urgut tumanida Majburiy ijro byurosi xodimlarini kaltaklagan ikki nafar shaxsga sud hukmi o‘qildi. Unga ko‘ra sudlanuvchilarning ikkalasi ham 2 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini olgan.

Foto: Videodan kadr

Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil 13 noyabr kuni MIB Urgut tumani bo‘limi xodimlari 10944-sonli ijro hujjati bo‘yicha fuqaro E.Boymurodovning Beshkapa mahallasida qurgan noqonuniy do‘konini buzdirish uchun borishgan. E.Boymurodov MIB xodimlarining qonuniy talabini bajarmasdan, ularni haqorat qilib, do‘pposlagan, kiyimlarini yirtib tashlagan. Unga A.Oblayev qo‘shilgan. Oqibatda MIB xodimi X.Dastamov va B.Mansurov jiddiy jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan. Yana uch nafar xodim yengil tan jarohatlari olgan.

Surishtiruvlarda qayd etilishicha, E.Boymurodov va A.Oblayev MIB xodimlari bilan birga, ularni himoya qilmoqchi bo‘lgan Milliy gvardiya xodimlari va «Beshkapa-1» mahalla fuqarolar yig‘ini mutaxassisi Q.Jo‘rayevani ham haqorat qilishgan va urib yengil tan jarohatlari yetkazishgan.

2021 yil 12 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Urgut tuman sudida sudya A.Axmadov raisligida bo‘lib o‘tgan sud majlisida MIB xodimlarini do‘pposlagan shaxslarga hukm o‘qildi. Unga ko‘ra sudlanuvchilar E.Boymurodov va A.Oblayev jinoyat kodeksining 140-moddasi 3-qismi «a» bandi, 219-moddasi 2-qismi bilan aybdor deb topilib, ularga 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Top