12:31 / 27.03.2021
8023

«Dasturga kiritildi, dasturdan chiqarildi va yana kiritildi...» - Oqdaryodagi 30-maktab filiali hamon xarob ahvolda

Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 30-maktabning Tarnov qishlog‘ida joylashgan filiali o‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan uchta xonadan iborat xaroba bir bino. Ana shu filialni qaytadan qurib berish uchun aholi ko‘p yillardan buyon tegishli idoralarga murojaat qilib keladi.

Birinchidan, maktab binosi juda xarob, avariya holatida, ikkinchidan, zamonaviy ta'limni anglatuvchi hech narsa yo‘q. Qolaversa, maktabning asosiy binosi ham 2,5 km uzoqlikda. Bugungi qishloq yo‘llari sharoitida bolalar buncha masofaga qatnay olishmaydi. Ayniqsa yomg‘irli kunlarda bolajonlarning bir ko‘cha nariga odimlashi ham amrimahol.

Tarnov qishlog‘i yoshlari bilimga chanqoq, maktab jamoasi bilan suhbatda bildikki, bu qishloq bolalari necha yillarki tuman, viloyat olimpiadalarida g‘oliblar safidan joy olib keladi. Maktab direktorining so‘zlariga ko‘ra, shu maktabda o‘qib, 9-sinfdan so‘ng litseylardan biriga o‘tgan sobiq o‘quvchilar o‘rtasida xalqaro fan olimpiadasi g‘olibi ham bor.

30-maktabga qatnaydigan hududdagi beshta qishloq o‘quvchilari o‘rtasida oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kiradiganlar orasida tarnovliklar eng ko‘pini tashkil etadi. Jami maktab miqyosida 49 nafar bitiruvchidan o‘n nafari bu yil talaba bo‘lgan.

«Maktab bo‘yicha murojaatlarimiz ko‘pincha e'tiborga olinadi, dasturga kiritiladi, xursand bo‘lamiz, ammo ko‘p o‘tmay yana dasturdan chiqarib tashlanadi. 2018 yilda ham maktabimiz qayta qurilishi ma'lum qilingan edi. Ammo ko‘p o‘tmay Xalq ta'limi va Moliya vazirligi tomonidan dasturdan chiqarib tashlangani aytilib, yana qolib ketdi. Mana endi 2021 yilda maktabimiz qayta qurilishi, bu reja dasturga kiritilgani haqida ma'lum qilishdi», deydi maktab direktori Abdurahmon Asrorov.

Aholining murojaatlari asosida 2018 yilda ham aynan shu maktab muammosi saytda yoritilgan, o‘shanda ham maktab jamoasi bino qurilishi vazirlik tomonidan dasturdan chiqarilgani, ammo 2018 yil dasturiga kiritilganini aytgandi. Ammo maktab 2019 yilda ham qurilmagan ekan.

Maktab jamoasi ham, qishloq ahli ham o‘quvchilarning 2,5 kilometrga qatnab o‘qishi og‘ir ekanini aytmoqda. Ayniqsa qish kunlarida qishloq yo‘llarida yurish ular uchun imkonsiz. Yoki yangi bino qurish kerak yoki shu binoning o‘zini rekonstruksiya qilib berish kerak.

O‘qituvchilar 180 nafar o‘quvchi taqdiri masalasida mutasaddilarning gaplariga umid qilishmoqda. «Agar bizga aytilgan rejalar amalga oshsa, 1 sentyabrdan yangi o‘quv yilini yangi binoda boshlashimiz kerak», deydi maktab vakillari.

Muammoni o‘rganish chog‘ida qishloq vakillari ham kelib o‘z fikrlarini bildirishdi. Ulardan biri Shokirxon Qilichev boshqa muammolarni ham sanadi.

«Maktabning asosiy binosiga qatnash og‘irligi yagona muammo emas. Avvalo, filial binosining o‘zi nihoyatda eski va avariya holatida, zamonaviy o‘quv jihozlari yo‘q. Televizorda yurtimizdagi boshqa maktablarni ko‘rsatishadi, juda chiroyli-da... Bizning farzandlar ham tuzukroq maktabda o‘qisin, deymiz», deydi u.

Oqdaryo tuman xalq ta'limi bo‘limi vakili Muzaffar Salayevning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilda maktab binosi uchun 1,6 gektar yer ajratib berilgan. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasiga 176 o‘rinli maktab filiali qurish uchun taklif berilgan.

«Hozirda xalq ta'limi vazirligi taklifimizni ko‘rib chiqyapti. Endi yangi quriladigan bino maktab filiali emas, balki alohida maktab bo‘ladi. Chunki talabga qarab yangi maktablar ham qurib boriladi. Misol uchun, tumandagi 50-maktab filialida ham shunga o‘xshash holat bor edi. Endilikda o‘sha filial yopilib, o‘quvchilar yangi maktabda ta'lim olishyapti.

Tarnovliklar uchun maktab qurilishi muddatini esa aniq bilmaymiz. Chunki biz faqat taklif bera olamiz. Taklif boshqarma va vazirlik vakillari ishtirokida joyida o‘rganildi. Shu yil maktab qurilishi aytilmoqda», deydi u.

Yangi maktab qurilishi uchun tuman hokimi qarori bilan ajratilgan yer

Xalq ta'limi boshqarmasi mutasaddilaridan bildikki, Oqdaryodagi 30-maktab filiali qurilishi bu yil ham dasturga kiritilmagan. Boshqarma vakili buni aslida qayta qurish yoki rekonstruksiya qilish shart bo‘lgan maktablar oz emasligi, hammasini kiritishning imkoni yo‘qligi bilan izohladi.

Boshqa tomondan, tarnovliklar muammo yechimiga umid qilsa bo‘ladiganga o‘xshaydi. Viloyat hokimligi tomonidan 2021 yilgi investitsiya dasturiga qo‘shimcha tarzda taklif etilayotgan qurilish va rekonstruksiya obektlari manzilli dasturi ishlab chiqilgan. Viloyat hokimi tasdiqlagan ana shu dasturning 9-bandida aynan biz tilga olgan maktab qurilishi o‘rin olgan. 2021 yil 1 sentyabrda binoning foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. 

Demak, agar yuqoridagi manzilli dastur amalga oshsa, ota-onalar, maktab jamoasi va o‘quvchilar orzusidagi maktab albatta quriladi. Anig‘ini sentyabrda bilib olamiz.

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri,
Faxriddin Hotamov, tasvirchi va montaj ustasi.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top