13:05 / 27.03.2021
12641

«Toshkent Besh tashabbus harakati»ga ro‘yxatga olish boshlandi

Toshkentda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusda aks etgan barcha yo‘nalishlar - madaniyat-san'at, sport, axborot texnologiyalari, kitobxonlik, tadbirkorlikni qamrab olgan «Toshkent Besh tashabbus harakati»ga ro‘yxatga olish boshlandi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilayotgan ushbu yirik tadbir doirasidagi tanlovlar, musobaqalar va uchrashuvlarni ochiq osmon ostida o‘tkazish uchun 37,5 ming metr kvadrat maydonda maxsus shaharcha barpo etilmoqda.

«Toshkent Besh tashabbus harakati»da futbol, basketbol, stol tennisi, armrestling va Street Workout bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishi, zamonaviy beshkurash yo‘nalishida Laser Run musobaqasi tashkil etilishi kutilmoqda. Ayni vaqtda skeyter va rollerlar uchun skeyt-park qurilmoqda.

Madaniyat yo‘nalishida bloger va musiqachi Nikita Makarenko boshchiligi Tashkent Voice Fest, professional xoreograf Sergey Zlotnikov ishtirokida Tashkent Dance Fest tanlovlari o‘tkaziladi. Hand Made festivali esa barcha ishtirokchi va mehmonlarga xizmat qiladi.

«Toshkent Besh tashabbus harakati» doirasida «Zakovat» turniri ham bo‘lib o‘tadi, uning tashkilotchilari orasida bloger, «Zakovat» klubi bilimdoni Xushnudbek Xudoyberdiyev ham bor. Yosh IT-mutaxassislar esa Project X va Tashkent Cyber Cup 2021 ideatoniga taklif etiladi.

16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan faol xotin-qizlar uchun maxsus Ayollar netvorking haftaligi bo‘lib o‘tadi. Unda jamoalar ilm-fan, biznes, ijtimoiy soha, ekologiya va dizayn yo‘nalishlarida Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha mualliflik loyihalarini taqdim etadi.

Tadbir doirasida o‘tkaziladigan musobaqa va tanlovlarning g‘oliblari pul mukofotlari va sertifikatlar bilan taqdirlanadi, eng yaxshilarni maxsus taklif etilgan professional hakamlar guruhi aniqlaydi.

Tadbirda nafaqat ishtirokchi, balki mehmon sifatida ham qatnashish mumkin. Unda yozuvchilar, biznes, dizayn, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda muvaffaqiyat qozongan insonlar bilan turli uchrashuvlar, media-treninglar o‘tkaziladi.

Harakatning har bir kuni jo‘shqin musiqa bazmi bilan yakunlanadi. Mashhur dijyeylar — Trace va Roger Gunn kechki shoularning rezidentlari bo‘lishadi. «Toshkent Besh tashabbus harakati»ga uning rasmiy sayti — www.toshkent21.uz’da ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Top