12:30 / 27.03.2021
8175

Xitoy fuqarolariga nisbatan bosqinchilik sodir etib, 10 ming dollar va 100 mln so‘m pullarni qo‘lga kiritgan shaxslar ushlandi

2021 yilning 24 mart kuni soat 03:40da noma'lum shaxslar Namangan viloyati, Namangan shahar “Qadamjoy” MFYda joylashgan “Pekin” tibbiyot markazi binosiga yuzlariga qora rangli tibbiyot niqobi taqqan holda g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, ular binoning ikkinchi qavatidagi yotoqxonada uxlab yotgan, shu markazda shifokor bo‘lib ishlovchi Xitoyning ikki nafar fuqarosi hamda markazda tarjimon bo‘lib ishlovchi U.Ya.ni urib,  qo‘l va oyoqlarini skotch bilan bog‘lashgan va yotoqxonadagi tumbochka qulfini buzib, 10 000 AQSh dollari, 100 000 000 so‘m pul mablag‘lari hamda ikki dona “Huawei” va “Redmi 8” rusumli uyali telefon apparatlarini bosqinchilik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 4-qismi “a” bandi (Bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni Farg‘ona viloyatida yashovchi, muqaddam sudlangan, 31 yoshli Jahongir K. boshchiligida 29 yoshli Habibullo K., 24 yoshli Izzatilla A., Asrorbek Q. hamda Andijon viloyatida yashovchi, 20 yoshli Abdullo X. sodir etganliklari aniqlanib, ular protsessual tartibda ushlangan va ularning yoni ko‘zdan kechirilganda, jami 10 620 000 so‘m pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan. 

Tergov harakatlari jarayonida Andijon viloyatida yashovchi Abdullo X. muqaddam mazkur markaz shifokorlari yaxshi daromad qilayotganidan xabar topib, bino kalitini g‘ayriqonuniy ravishda qo‘lga kiritgani va bu haqda tanishi Jahongir K.ga aytib, uni qiziqtirgani ma'lum bo‘lgan.

Hozirda tergov davom etmoqda. Jinoyat kodeksi normalariga ko‘ra, bu turdagi jinoyatlar uchun 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi.

Top