20:16 / 29.03.2021
24046

O‘rtoqlik uchrashuvi. O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Iroqqa mag‘lub bo‘ldi

JCh-2022 va Osiyo kubogi-2023 saralash bosqichiga tayyorgarlik doirasida O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Iroqqa qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi.

«Bunyodkor» stadionida kechgan bahsning maqomi o‘rtoqlik bo‘lsa-da, ikki tomon ham rasmiy o‘yindagi muhim bahsga maydonga tushgandek harakat qilishdi.

Vadim Abramov uch kun avval Namanganda ganaliklarga qarshi o‘yinda tushirilgan tarkibga ishonch bildirdi. Faqatgina darvozada bu safar Javohir Ilyosov o‘rniga Abduvohid Ne'matov, himoyada Anzur Ismoilov nuqtasida Islom To‘xtaxo‘jayev maydonga tushdi.

Vakillarimiz o‘yin davomida ko‘proq to‘pga egalik qilgan va hujumkor to‘p surganiga qaramay, hisob mehmonlar tomonidan ochildi. 56-daqiqada iroqliklar tomonidan uzoqdan yo‘llangan zarbani Ne'matov qaytargan bo‘lsa, bir daqiqa oldin maydonga tushgan Karim Latif tomonidan yo‘llangan takroriy zarba oldida ojiz qoldi – 0:1.

Milliy jamoamiz minglab muxlislar qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘yin yakunigacha hisobni tenglashtirish ilinjida har qancha urinmasin, Iroq milliy jamoasi himoya qo‘rg‘oni va darvozasini dog‘da qoldirishning imkoni topilmadi. 

Yakunda Vadim Abramov shogirdlari mart oyidagi so‘nggi o‘rtoqlik uchrashuvini Toshkentda mag‘lubiyat bilan yakunlashdi.

Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi. 
29 mart (dushanba). Toshkent
O‘zbekiston – Iroq – 0:1

Bosh hakam: Nurzatbek Askar Uulu (Qirg‘iziston)
Gol: Karim Latif, 56.
O‘zbekiston: Abduvohid Ne'matov, Islom To‘xtaxo‘jayev, Azimjon Ahmedov, Farrux Sayfiyev (Sanjar Qodirqulov, 71), Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov (Oybek Bozorov, 61), Sardor Rashidov (Dostonbek Hamdamov, 46), Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov.
Iroq: Jalol Hoshim, Ahmed Ibrohim, Qosim Ali Fayoz, Safa' Hodi, Husayn Ali, Ibrohim Bayesh (Sherlo Karim Latif, 56), Tariq Humam, Bashar Resan, Amjad Atvan (Qosim Majid, 56), Durg‘am Ismoil, Faysal Jassim.

Mavzuga oid
Top