10:25 / 30.03.2021
3604

Ekologik audit to‘g‘risida qonun qabul qilindi

«Ekologik audit to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishdan maqsad ekologik audit sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat, deb yozmoqda Norma.

Qayd etilishicha, unda quyidagi tushunchalar qo‘llanilgan:

  • ekologik audit − ekologik audit sub'yekti amalga oshiradigan xo‘jalik va boshqa faoliyatni texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etish yuzasidan ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan tizimli, hujjatlashtirilgan, mustaqil baholash;
  • ekologik auditor − ekologik auditor malaka sertifikatiga ega bo‘lgan jismoniy shaxs;
  • ekologik audit buyurtmachisi − ekologik audit o‘tkazish tashabbusi bilan chiquvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yekt, uning mulkdori ishtirokchilari va (yoki) aksiyadorlari;
  • ekologik audit sub'yekti − mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshiruvchi, ishlarni bajaruvchi va xizmatlar ko‘rsatuvchi, o‘zida ekologik audit o‘tkaziladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt va boshqa tashkilotlar;
  • ekologik auditorlik tashkiloti − ekologik auditorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs va boshqalar.

Ekologik audit ixtiyoriy yoki majburiy shaklda o‘tkazilishi mumkin.

Atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatish xavfi kam bo‘lgan yoki unchalik ko‘p bo‘lmagan (lokal ta'sirga ega) ekologik audit sub'yektlari faoliyatiga nisbatan ekologik audit buyurtmachi tashabbusi bilan ixtiyoriy tartibda o‘tkaziladi.

Atrof-muhitga yuqori va o‘rtacha ta'sir ko‘rsatish xavfiga ega bo‘lgan ekologik audit sub'yektlari har yili majburiy ekologik auditdan o‘tkazilishi lozim. Majburiy yillik ekologik audit uning sub'yektining atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi butun faoliyatiga nisbatan o‘tkaziladi.

Atrof-muhitga ta'sir ko‘rsatish darajasi bo‘yicha faoliyat turlari ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ekologik audit auditorlik tashkiloti va ekologik audit buyurtmachisi o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida o‘tkaziladi. Ekologik auditorlik xizmatlari ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnoma faqat ekologik auditorlik tashkiloti fuqarolik javobgarligi sug‘urta polisi mavjud bo‘lgan taqdirda tuziladi.

Milliy ekologik audit standartlari ekologik auditorlik faoliyatini amalga oshirishga doir yagona talablarni belgilaydi. Ekologik auditorlik tashkilotlari ekologik auditni o‘tkazish chog‘ida shartnomaga muvofiq xalqaro ekologik audit standartlarini qo‘llashi mumkin.

Ekologik audit o‘tkazish yakunlari bo‘yicha ekologik audit xulosasi tuziladi.

Ekologik auditorlik tashkilotlari har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi va faoliyatini amalga oshirishi mumkin, bundan aksiyadorlik jamiyati mustasno. Ular davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tashkil etilishi mumkin emas. Ularga ushbu ekologik auditorlik tashkiloti o‘zi uchun asosiy ish joyi bo‘lgan ekologik auditori rahbar bo‘lishi mumkin.

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslari, shuningdek qonunchilikka muvofiq tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlangan boshqa shaxslar ekologik auditorlik tashkilotlarining muassislari bo‘lishi mumkin emas.

Ekologik auditorlik tashkilotlari Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.

Ekologik auditorga quyidagi talablar qo‘yiladi:

  • O‘zbekiston fuqaroligi mavjudligi;
  • tegishli sohaga oid oliy ma'lumot mavjudligi;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida yoki turdosh sohalarda 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lish;
  • ekologik auditor sertifikati mavjudligi.

Ekologik auditor arizada ko‘rsatilgan faoliyatni faqat bitta ekologik auditorlik tashkilotida amalga oshirishga haqli.

Ekologik auditorlarni tayyorlash, shuningdek ekologik auditor malaka sertifikatini berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Ekologik auditorlik tashkilotlari va ekologik auditorlar reyestrlari Davlat ekologiya qo‘mitasi saytida joylashtiriladi.

Shuningdek, qonun bilan ekologik auditorlik tashkilotlari, ekologik auditorlar, ekologik audit buyurtmachilari va sub'yektlari huquq va majburiyatlari, ekologik auditorlik tashkiloti javobgarligi, ekologik audit o‘tkazish chog‘idagi cheklovlar va boshqalar belgilandi.

Top