18:37 / 31.03.2021
12722

Shuhrat Abdurahmonov Andijonda talabalarni qiynayotgan yo‘lkira masalasiga munosabat bildirdi

Andijonda talabalarni yo‘lkira haqi qimmatligi qiynayotgani haqidagi Kun.uz maqolasidan so‘ng, viloyat hokimi shaharga Xitoydan avtobuslar olib kelinishi rejalashtirilganini ma'lum qilib, OTMlarga qatnovchi «Damas»larda narxlarni nazorat qilishga topshiriq berdi.

Kun.uz 29 mart kuni «Jamoat transportiga muhtoj Andijon. Talabalarni qiynayotgan muammoga yechim bormi?» sarlavhali maqola e'lon qilgan edi. Unda avtobus yo‘nalishlari kamligi Andijon shahridagi to‘rtta OTM talabalariga moddiy qiyinchilik tug‘dirayotgani haqida so‘z boradi.

Shu kuni viloyat hokimligida «Hokim, vazir va yoshlar uchrashuvi» muloqoti bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov yoshlarni qiynayotgan masalalar qatorida Kun.uz ko‘targan muammoga ham e'tibor qaratdi.

«Talaba yoshlarimiz Andijon shahrida jamoat transporti yo‘qligi, yo‘nalishdagi «Damas»lar yo‘lkira haqini asossiz qimmat qilib olayotgani bo‘yicha Kun.uz saytiga murojaat qilishibdi. Jamoat transporti bo‘yicha ham ishlayapmiz. Haqiqatan ham [shaharda] avtobus yo‘q. Hammayoq «Damas» bo‘lib ketgan», – dedi viloyat rahbari.

U bu masalada bir tadbirkor bilan ishlar olib borilayotgani, tadbirkorga Asakabank yordami kerakligini aytib, tadbirda qatnashayotgan bank vakilidan ko‘mak berishni iltimos qildi.

«Bir tadbirkorimiz 150 ta avtobus olib kelish masalasi bo‘yicha papka-hujjatlarini tayyor qilib qo‘ygan. Men sizlarning nomlaringdan shu masalada bankdan yordam berishini iltimos qilmoqchiman», – dedi hokim yoshlarga qarata.

Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, avtobus ishlab chiqaradigan Xitoy korxonalaridan birining vakillarini Andijonga taklif etib, ular bilan uchrashuv o‘tkazgan.

«Bilasizlarmi, boshqa davlatlarda avtobus narxining 30 foizini oldindan to‘lasangizgina keyin ishlab chiqaradi. Xitoyliklarga men va'da berganman: «Og‘ayni, men senga va'da beraman, shu pulingni tushirgizib beraman, o‘sha avtobuslarni sotib yubormay tur, birinchi Andijonga olib kelaylik».

Adashmasam, 200 ta avtobus olib kelish reja qilingandi. Agar shu masala hal bo‘lib qolsa, Andijondagi juda ko‘p yoshlarga, moliyaviy jihatdan qiyinchilik bo‘layotgan ota-onalarga katta qulaylik bo‘lardi», – dedi u.

Hokim Andijon shahridagi yo‘nalishli «Damas»larda narxlar 2 ming so‘mdan oshmasligi belgilanganini ta'kidlab, ko‘tarilgan masala yuzasidan viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Mashrapovga topshiriq berdi.

«KRUdan ham odam beraman, hamma institutlar bo‘yicha yo‘nalishdagi «Damas»lar narxini nazoratga olishlaringga ertaga kechgacha muhlat», – dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Top