15:44 / 31.03.2021
44821

Tibbiy niqoblardagi chuvalchangsimon jonzotlar tasvirlangan videolar tarqaldi. Holat Qozog‘istonda kuzatilgan

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa “Telegram” kanallarida tibbiy niqoblar qatlamlari orasida harakatlanayotgan jonzotlar, deya ta'riflangan videolavha keng tarqaldi.

Foto: Videodan kadr

Aslida ko‘pchilik O‘zbekistondagi holat deya talqin qilayotgan bu tasvirlar mart oyining ikkinchi yarmida Qozog‘istonda tarqalgan. Unda lavha muallifi tibbiy niqobni qaynoq suv solingan idish ustiga qo‘yadi va telefon orqali tasvirga oladi. Kattalashtirish jarayonida tibbiy niqobning ichki qatlamida qora rangli chuvalchangsimon narsa qimirlayotganini ko‘rish mumkin.

Bu videoda aytilganidek, tibbiy niqob qatlamlari orasida qandaydir jonzotlar, xususan kichik chuvalchanglar yashashi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki biolog olimlar fikricha, har bir tirik jon hayot kechirishi uchun ma'lum muhit zarur. Tibbiy niqoblarning sintetik qatlamlari orasida chuvalchanglar yashashi uchun zarur muhit yo‘q.

Endi tasvirlardagi harakatlanayotgan narsaga kelsak, bu holat o‘rganilgan, hammasi tibbiy niqoblar qatlamlari orasiga turli boshqa matolar tolalari tushib qolgani bilan bog‘liq. Tibbiy niqoblarning o‘zi odatda spanbod, poliester va viskoza kabi kimyoviy materiallardan tayyorlanadi. Bu materiallar sovuqqa ham, issiqqa ham chidamli. Lekin ular orasiga tasodifan tushib qolgan boshqa tolalar issiq bug‘ ta'sirida harakatlanishi mumkin.

Bundan tashqari, o‘sha tolalar hosil bo‘ladigan statik zaryad yoki havo ta'sirida ham qimirlash ehtimoli bor. Demak tibbiy niqoblar orasida chuvalchanglar haqida ma'lumotlar asossiz.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining 2020 yil 20 martdagi 114-son “Tibbiy buyumlar ro‘yxatiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi buyrug‘i bilan tibbiyot niqoblari tibbiy buyumlar ro‘yxatidan chiqarilgan.

Mavzuga oid
Top