12:37 / 01.04.2021
25322

Foto: O‘zbekistonda koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlandi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

1 apreldan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga start berildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Bungacha mamlakat bo‘ylab vaksinatsiya jarayonlarida ZF-UZ-VAC2001 —o‘zbek-xitoy vaksinasi va Yevropaning AstraZeneca vaksinasidan foydalanishga tayyorgarlik ko‘rilgandi.

Aprel oyi davomida Toshkent va Nukus shahri hamda viloyatlar markazlaridagi 219ta emlash punktlarida bir oyda 142,3 ming emlash o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi navbatda 65 yoshdan kattalar va koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lgan tibbiyot xodimlarini emlash ko‘zda tutilgan. 

Bundan tashqari, surunkali kasalliklari bor aholi vakillari, maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari, qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini ham birinchi navbatda emlash rejalashtirilgan.

Buning uchun mamlakat bo‘ylab 3 138ta emlash punktlari va 862ta harakatdagi tibbiy brigadalar tayyorlangan. 

Hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17ta avtorefrijyerator, 206ta yuk tashuvchi miniven va 16ta yengil avtotransport vositalari keltirilgan.

Emlash jarayonlari uchun 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 31 mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi qayerda vaksinatsiya jarayonlari o‘tkazilishi haqida ma'lumotni e'lon qilgandi. Jadval bilan bu yerda tanishish mumkin.

  • Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda bugungi kunda 1 million 660 ming doza vaksina bor. Ularning 660 ming dozasi COVAX jamg‘armasi tomonidan olib kelingan AstraZeneca vaksinasi, 1 million dozasi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi.
  • Sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev bergan ma'lumotga ko‘ra, may-iyun oylarida 2 million doza AstraZeneca, aprel-iyun oylarida esa 3,5 million doza ZF-UZ-VAK2001 vaksinalarini keltirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan Rossiya Federatsiyasidan 1 million doza Sputnik V vaksinasi xarid qilish yuzasidan shartnoma imzolanmoqda. Shu bilan birga, ayni paytda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan yana qo‘shimcha AstraZeneca vaksinasini xarid qilish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top