17:14 / 01.04.2021
9825

«Kimlarningdir ishtiroki bo‘lgan» - «O‘zbekneftgaz» Boshqaruv raisi tizim yillar davomida yopiq bo‘lgani haqida

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev Qashqadaryodagi «Zevarda» konida siquv kompressor stansiyasining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tadbirda yillar davomida tizim umuman yopiq bo‘lganiga izoh berdi.

Abdullayev mazkur stansiyaning ikkinchi bosqichi 14 yil o‘tib ishga tushirilgan bo‘lsa-da, o‘tgan vaqt davomida bu yerga jurnalistlar umuman kelmaganini ma’lum qildi.

«O‘zbekneftgaz»ning yopiq bo‘lganiga sabab, sun’iy ravishda yopiq bo‘lgan. Oddiy tenderlar ham yopiq bo‘lgan, mahsulot sotib olish, qabul qilish, ular bilan ishlashning hammasi yopiq bo‘lgan. Kimlarningdir ishtiroki bo‘lgan. Prezidentimiz bitta masala qo‘yganlarki, shu narsalar ochiq bo‘lsin. Men aytamanki, bitta mix olsak ham ochiq bo‘lsin, xalq ko‘rib tursin.

Hozir biz onlayn ko‘rgazmalar qilyapmiz, har bitta zavodimizning 3D modelini yaratyapmiz. Ochib qo‘yamiz, mana nima olsak, marhamat, imkoniyati bo‘lsa kirsin shunga, olsin.

Qarzlar masalasi ham yopiq bo‘lgan. Undan tashqari, sohaning o‘zi yopiq bo‘lgan. Mana hozir kelib ko‘ryapsizlar, asosiy, muhim obekt bo‘lsa ham, sizlarning imkoniyatlaringiz bor kelib ko‘rishga. Hozir bizning har bir xatti-harakatimiz ochiqlik, ochiqlik, ochiqlik», – dedi Mehriddin Abdullayev.

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruv raisi shuningdek, tizimdan kuchli kadrlarning ketib qolgani, ularni qaytarish choralari ko‘rilayotgani haqida gapirdi. U iqtidorlarning ketib qolganini ular o‘z vaqtida mehnatiga yarasha rag‘bat olmagani bilan izohladi.

Mehriddin Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, tizimdagi xodimlarning oyligi shu vaqtga qadar umumiy xarajatning 4 foizini tashkil qilib kelgan bo‘lsa, hozirgi kunda 7 foizga yetkazilgan.


Jurnalist Isomiddin Po‘latov
Operator va montaj ustasi Faxriddin Hotamov

Top