14:00 / 01.04.2021
14534

To‘rt xorijiy mamlakat va «katta to‘rtlik»dagi 24 yil - xalqaro konsalting kompaniyasining o‘zbekistonlik soliq direktori bilan suhbat

Nufuzli xalqaro tashkilotlarda mas'ul lavozimlarda ishlovchi vatandoshlarimiz talaygina. Biz Birlashgan Arab Amirliklariga safarimiz davomida dunyodagi eng yirik audit-konsalting kompaniyalaridan biri – KPMGda faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Muzaffar Salayev bilan suhbatlashdik.

Muzaffar Salayev ayni paytda KPMGning BAAdagi ofisi Soliq va investitsiyalar bo‘limi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda.

Hamyurtimiz 1997 yildan buyon soliq, audit va moliyaviy konsalting sohasidagi xalqaro kompaniyalarda ishlab kelmoqda. Nolinchi yillar boshlaridan Rossiya, Xitoy, Qatar kabi davlatlarda ham yashagan.

O‘zining hikoya qilishicha, barchasi ingliz tiliga qiziqishi va xalqaro kompaniyada ishlash istagidan boshlangan.

Talabaning xalqaro kompaniyada ishlash istagi

— 1997 yilda, Toshkentdagi Diplomatiya universitetining so‘nggi bosqichida o‘qirdim. Ingliz tilini bilishim sababli chet el kompaniyasida ishlab ko‘rish xohishi uyg‘ongan. O‘sha paytlari Toshkentda chet el firmalari ancha kam edi, ammo biz ingliz tiliga qiziqqanimiz va Diplomatiyada o‘qishimiz sabab, universitetimizga chet el kompaniyalari vakillari tez-tez kelib turishardi.

Audit yo‘nalishida jahonda to‘rtta eng yirik kompaniya bor – Deloitte, Ernst & Young, KPMG va PricewaterhouseCoopers. Shulardan biri – Deloitte vakillari o‘qishimizga kelgach, ishlab ko‘rish xohishim borligini aytganman. Nufuzli, yaxshi maosh to‘laydigan, xalqaro kompaniya ekani o‘ziga tortgan.

U paytlari ish qidirish uchun hozirgidek onlayn platformalar ham, internet ham yo‘q edi. Ishga olishlarini so‘rab, o‘zim murojaat qilganman. «Mayli, soliq bo‘limida bo‘sh o‘rin bor, ishlab ko‘r», deyishgan. Albatta, o‘sha vaqtlari soliq, audit kabilarni yaxshi bilmasdim.

«Bu sohaga kirganlarning ko‘pi 2-3 yilda ishni tashlab ketadi»

— Soliq, audit, moliyaviy konsalting sohasi oson emas, yangi ishga kirganlarning ko‘pi uzoq vaqt ishlamay, 2-3 yilda boshqa sohaga o‘tib ketishadi. Ayniqsa hozirgi yoshlarning toqati yetmaydi: ertalabdan kechgacha ishlash kerak.

Men uchun esa bu soha juda qiziq. Do‘stlarim bor, shu sohada ishlab, keyin xususiy biznes boshlashgan; albatta, ularda qulaylik ko‘proq: o‘z vaqtlarini o‘zlari nazorat qilishadi. Bizda esa soat 9dan 18gacha, ayrim paytlarda esa kechasi soat 22gacha ham ishlaymiz.

Ishim o‘zimga qiziq: aynan mening bo‘limimda deyarli har kuni har xil kompaniyalar bilan ishlaymiz. Bir kuni avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan, ertasiga neft sohasidagi kompaniya bilan, indiniga esa savdo do‘konlari...

Aynan nima bilan shug‘ullanishimga to‘xtalsam, aytaylik, biror chet el kompaniyasi O‘zbekistonga kirmoqchi, investitsiya kiritmoqchi, lekin O‘zbekiston haqida hech narsa bilmaydi. Biz ularga konsalting xizmatlarini ko‘rsatamiz: O‘zbekistondagi shart-sharoit, qonunchilik, soliqlar... Investor to‘liq va to‘g‘ri axborotga ega bo‘lishi, risklarni bilishi kerak. Biz kompaniyalarga biror mamlakatda biznes ochish bo‘yicha optimal variantlarni taklif qilamiz.

«Tez-tez turli mamlakatlarga ko‘chish ayniqsa bolalarga qiyinchilik tug‘diradi»

— Ishim sababli 2003 yilda Moskvaga ko‘chib o‘tdik, u yerda 11 yil yashadik. Keyin Xitoyga ishga o‘tdim. Keyinchalik Qatarda, PwC'ning Dohadagi ofisida ikki yil faoliyat yuritdim. Investitsiyani o‘rganish uchun, xizmat safarlari bilan boshqa davlatlarga ham borganman.

Turli davlatlarda ishlash, tez-tez yashash joyini o‘zgartirib turish ayniqsa bolalarga qiyinchilik tug‘diradi. Farzandlarim birinchi sinfga Moskvadagi maktabga borishgan, keyin u yerdan Xitoyga ko‘chganmiz. Menga-ku oson, chunki muhit o‘zgargani bilan, o‘sha-o‘sha firma, o‘sha-o‘sha ish; bolalarga esa qiyin, yangi maktabga borish, yangi do‘stlar orttirish...

Bolalar turli davlatlarda yashashi bir tarafdan ularga qiyin bo‘lsa, ikkinchi tarafdan kelajaklari uchun bu foyda. Ko‘p narsa o‘rganishadi, boshqa mentalitet vakillari bilan qanday muloqot qilishni biladi.

«BAA – umrbod yashab qoladigan mamlakat emas»

— Agar ishim shu yerda bo‘lmaganida, yashash uchun BAAni tanlarmidim? Qiyin savol. BAAda bir jihati borki, qancha uzoq vaqt yashashingdan qat'i nazar, chet ellik bo‘lib qolaverasan. 20 yil yashasang ham viza olib yashashing kerak. Shuning uchun bu mamlakat butun umr yashaydigan joy emas, deb o‘ylayman. Uzog‘i 10-15 yil, o‘z biznesingni qurib, farzandlar tarbiyalash uchun yaxshi joy.

Bu yerga kelganimizning birinchi sababi – xavfsizlik. O‘zim emas, ko‘proq bolalarimning xavfsizligini o‘ylaganman. Bolalarim kechasi soat 23da ham bemalol do‘konga chiqib kela oladi.

Ikkinchi faktor – bu yerda ishlashning o‘zi qiziqarli. Amirliklarda yuzdan ortiq mamlakatlardan kelgan odamlar yashaydi. Madaniyatlar rang-barangligi bor.

Uchinchidan, BAA – tez o‘sayotgan iqtisodiyot. O‘sish dinamikasi juda katta. Juda ko‘p xalqaro kompaniyalar butun mintaqa bo‘yicha bizneslarini birinchi bo‘lib shu yerda ochgan. Masalan, Saudiya Arabistoni va Bahrayn bozoriga kirmoqchi bo‘lsa ham, birinchi ofisni Dubayda ochadi. Chunki infrastruktura bor, viza olish osonroq.

Bobur Akmalov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhammadjon G‘aniyev.

To‘liq suhbatni video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid
Top