08:12 / 02.04.2021
3195

Bola huquqlari bo‘yicha vakil: «Mehribonlik uylari bitiruvchilariga berilayotgan turar joylarning hammasi ham talab darajasida emas»

Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash masalasini kompleks o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda davlat rahbarining parlamentga yo‘llagan murojaatnomasida joriy yilda ehtiyojmand oilalar farzandlari, shu jumladan, chin yetim, nogironligi bo‘lgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat ko‘rsatish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi, bunda joriy yilda birinchi marta 900 nafar chin yetim yoshni uy-joy bilan ta'minlash uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratilayotgani ta'kidlab o‘tildi.

Tadbirda so‘z olgan Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova 2020 yilda uning boshchiligida olib borilgan monitoring tashriflari hamda bola huquqlari bo‘yicha yuborilgan murojaatlar tahlili “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarining turar joy bilan ta'minlanishi borasida kamchiliklar borligini ko‘rsatganini bildirdi.

Olingan ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning 1 yanvar holatiga “Mehribonlik” uylari tarbiyalanuvchilarining 610 nafari turar joy bilan ta'minlangan, 578 nafari esa bugungi kunda ham turar joyga muhtoj bo‘lib turibdi.

Bundan tashqari, 2020 yil davomida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari tomonidan Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga turar joy berilmagani yoki berilgan turar joy uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga muvofiq emasligi borasida 20ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Qonun hujjatlarida belgilangan normalarga asosan berilayotgan turar joy bo‘sh, alohida, qulay va shinam bo‘lishi, belgilangan sanitariya va texnik me'yorlarga, qonun hujjatlari boshqa talablariga javob berishi lozimligi belgilangan, biroq ko‘p holatlarda ushbu norma talablari buzilishi kuzatilmoqda.

Qayd etilishicha, har bir kelib tushgan murojaat yuzasidan muallif istiqomat qiluvchi tuman (shahar) hokimi bilan o‘tkazilgan suhbatda turar joy bilan ta'minlash uchun mablag‘lar yo‘qligi (yetishmasligi) vaj qilib keltirmoqda. Moliya vazirining 2010 yil 11 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joy sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan, budjet mablag‘larini berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 86-son buyrug‘ida ushbu masala o‘z yechimini topgan.

Shu bilan bir qatorda, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini turar joy bilan ta'minlamaslik, o‘z navbatida, bu toifa shaxslar doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi, ish joy bilan ta'minlanishi va tibbiy yordam olishida ham jiddiy muammolarni keltirib chiqaradi.

Yig‘ilishda Bola huquqlari bo‘yicha vakil mazkur masala bo‘yicha prokuratura organlari xodimlari nazoratni kuchaytirishi va turar joyga muhtoj “Mehribonlik” uylari bitiruvchilarini belgilangan talablarga mos uy-joy bilan ta'minlashga erishish kerakligini qayd etdi.

Bundan tashqari, yig‘ilishda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar huquq va erkinliklarini kafolatlash, ularni ijtimoiy himoya qilish sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ushbu sohani kompleks o‘rganishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shuningdek, joriy yil 5 mayga qadar yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohasida umumlashtirilgan takliflar ishlab chiqish kelishib olindi.

Top