18:05 / 02.04.2021
2998

Dog‘istonda O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati taqdimoti o‘tkazildi   

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Dog‘iston Respublikasida O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati taqdimoti hamda ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar o‘tkazildi.  

Turizm qo‘mitasi xabariga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov topshirig‘i bilan Dog‘iston Respublikasida «Imomlar yurtiga sayohat» yo‘nalishidagi targ‘ibot ishlari boshlandi. 

Jumladan, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xalqaro islom akademiyasi, Oshpazlar uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatning RFdagi elchixonasi hamda Rostov-Dondagi bosh konsulligi ko‘magida Dog‘istonning Mahachqal'a shahriga tashrif buyurdi. 

Dastlab O‘zbekiston delegatsiyasi vakillarining Dog‘iston milliy siyosat va din ishlari bo‘yicha vaziri Enrik Muslimov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Enrik Muslimov O‘zbekiston delegatsiyasi tashrifidan xursand ekanini ma'lum qilib, mamlakatning ziyorat turizm salohiyatini yuqori e'tirof etdi. Shu bilan birga, vazir O‘zbekiston-Dog‘iston o‘rtasidagi aloqalar yuksak darajada rivojlanishi tarafdori ekanini qayd etdi. 

Uchrashuvda shuningdek Dog‘iston muftiysining birinchi o‘rinbosari Ahmad Hoji Kaxayev ham ishtirok etib, Bahouddin Naqshbandiy, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy kabi dunyoga mashhur allomalarning islom olamidagi muhim o‘rnini e'tirof etdi. Ahmad Hoji Kaxayev ushbu tashrif uchrashuvlari ortidan tomonlar o‘rtasida ziyorat turizmi rivojlanishidan mamnun ekanini ta'kidladi. 

Bundan tashqari, delegatsiya tashrifi doirasida Dog‘iston muftiysi, Musulmonlar markaziy ma'naviy boshqaruvi raisi Shayx Ahmad Hoji Abdullayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muftiy ziyorat turizmini rivojlantirish orqali ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash hamda diniy bilimlar bo‘yicha ta'lim turizmini ham rivojlantirish ayni muddao ekanini ta'kidladi.  

Dog‘iston tomon delegatsiya tarkibidan o‘rin olgan o‘zbekistonlik taniqli xattot Habibulloh Solihni dog‘istonlik pedagoglar uchun malaka oshirish kurslari, talabalar uchun esa xattotlik bo‘yicha mahorat darslarini o‘tishga taklif qildi. 

Shundan so‘ng Mahachqal'a shahridagi “Tarixiy park”da O‘zbekistonning ziyorat turizm salohiyati taqdimoti hamda xattotlik bo‘yicha mahorat darsi o‘tkazildi. 

O‘zbekiston va Dog‘iston turoperatorlari o‘rtasida o‘tkazilgan B2B formatidagi uchrashuvlar ham dog‘istonliklarning respublikaga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. Ushbu uchrashuvlarga Dog‘iston tomondan 30ga yaqin turoperator tashrif buyurib, o‘zbekistonlik turoperatorlar bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamladi. 

Top