18:23 / 02.04.2021
8064

Samarqandda qonunga zid o‘tkazilgan tanlov savdo natijalari bekor qilindi

Aksilmonopol qo‘mitasi Samarqand viloyati Jomboy tumani tibbiyot birlashmasiga tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar sotib olish bo‘yicha o‘tkazilgan tanlov savdolarini «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga zid bo‘lgani uchun bekor qildirgan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil 11 dekabrda Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 1 milliard 224 million so‘mlik tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar xarid qilish bo‘yicha tanlov savdolari o‘tkazilgan. Unda talabgor korxona g‘olib chiqqan. Shundan so‘ng Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Samarqand viloyat boshqarmasiga «EASY-CONTRACT» MChJ murojaat qilib, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov savdolari «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunga zid ravishda tashkil etilganini ma'lum qilgan.

Murojaatda keltirilgan holatni o‘rganish jarayonida aniqlanishicha, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan boshlang‘ich qiymati 1 milliard 224 million so‘m bo‘lgan tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar xarid qilish savdolari o‘tkazilishi to‘g‘risida 2020 yil 1 dekabrda Tovar-xomashyo birjasining davlat xaridlari bo‘yicha dxarid.uzex.uz elektron portaliga e'lon joylashtirilgan. Biroq «EASY-CONTRACT» MChJning tijorat takliflari Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 9 dekabrda qabul qilib olingan bo‘lsa-da, xarid komissiyasi tomonidan 11 dekabrda o‘tkazilgan tanlov savdolarida mazkur korxonaning tijorat takliflari ko‘rib chiqilmagan. Oqibatda, bayonnomada aks ettirilmagani tufayli MChJ tanlov savdosidan asossiz ravishda chetlashtirilgan.

Mazkur holat hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi xarid komissiyasi tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning 14-moddasi talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan deb topilgan. So‘ng xarid komissiyasiga tanlov savdolari bo‘yicha 2020 yil 11 dekabrdagi qarori (bayonnomasi)ni va savdo natijalari bo‘yicha tuzilgan shartnomani haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Ko‘rsatma talablari asosida xarid komissiyaning 2020 yil 11 dekabrdagi qarori (bayonnomasi) va savdo natijalari bo‘yicha g‘olib deb topilgan talabgor bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, 1 mlrd 113 mln 922 ming so‘mlik mablag‘ budjetga qaytarilgan.

Top