12:48 / 03.04.2021
4655

Markaziy Osiyo xalqaro instituti Rossiyaning nufuzli tahlil markazlari bilan hamkorlik o‘rnatdi

Markaziy Osiyo xalqaro instituti delegatsiyasi Moskvaga amaliy tashrif doirasida, jahon ekspertlar hamjamiyatida yuksak mavqega ega yirik tahlil markazlari bilan qator shartnoma va kelishuvlarga erishdi.

Institut direktori Anvar Nosirov va Moskva davlat universiteti huzuridagi Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti, Moskva davlat universiteti qoshidagi Possovet hududida ijtimoiy va siyosiy jarayonlarni o‘rganish markazi, Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti Xalqaro tadqiqotlar instituti Sharqiy Osiyo va ShHT tadqiqotlar markazi o‘rtasida  hamkorlik shartnomalari  imzolandi.

Shartnomada siyosiy, iqtisodiy, suv va atrof-muhit, tarixiy-madaniy va gumanitar sohalarda tadqiqotlar olib borish nazarda tutilgan. Institutlar mutaxassislari o‘rtasida qo‘shma forumlar, seminarlar, muloqot anjumanlari, davra suhbatlari, brifinglar, maslahatlashuvlar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Rossiya strategik tadqiqotlar instituti direktori Mixail Fradkov bilan uchrashuv chog‘ida institut vakillarining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” yuqori darajali xalqaro anjumandagi ishtiroki bo‘yicha suhbatlashildi.

Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo xalqaro instituti 2020 yil avgustida prezident qarori asosida tashkil etilgan. Uning asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri - yetakchi xorijiy muassasalar va mutaxassislar ishtirokida qo‘shma tadqiqot dasturlari va loyihalarini amalga oshirish. 

Top