13:50 / 03.04.2021
8176

Samarqandda bank orqali tarqatilgan budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumanida ATB «Agrobank» mansabdor shaxslari fermer xo‘jaligi rahbari bilan til biriktirib, aholiga naslli qoramol tarqatish uchun ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Past Darg‘om tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Agrobank» Go‘zalkent filiali mansabdor shaxslari ta'minotchi korxona «G.Ch.» fermer xo‘jaligi rahbari bilan oldindan til biriktirib, «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larni talon-toroj qilgani aniqlangan.

Jumladan, ular fuqaro G.Yu. va boshqalar 241,8 mln so‘mlik naslli chorva mollarini olgani to‘g‘risida soxta kredit hujjatlarini rasmiylashtirib, davlatning maqsadli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan. 

Qayd etilishicha, davlat dasturi doirasida ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirgan ta'minotchi korxona rahbari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.  

Top