14:24 / 04.04.2021
11475

Xorazmlik yosh dasturchilar 1 milliard so‘mlik grantni qo‘lga kiritishdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi xorazmlik yosh dasturchilar tomonidan tayyorlangan «O‘zbekiston turistik shaharlarining 3D va VR BOX modellarini yaratish» loyihasi uchun 1 milliard so‘m ajratish haqida qaror qabul qildi.

Loyiha «Wolfsofs» xususiy korxonasi tomonidan tayyorlanmoqda. U 1 yil ichida yakunlanishi belgilab qo‘yilgan.

Loyiha rahbari Hakimboy Yo‘ldoshev uning mazmuni va mohiyati, ish jarayoni haqida gapirib berdi.

«2016 yildan beri IT sohasida tadbirkorman.

2020 yil 12-13 dekabr kunlari prezidentimizning Xorazm viloyatiga tashrifi davomida Innovatsion rivojlanish vaziri xorazmlik yoshlar bilan uchrashdi. Shunda loyihamizni taqdimot qildik.

Bizning loyihamiz turizmga oid hamda virtual reallik bo‘lgani sababli, buni ko‘rib 1 mlrd so‘m grant ajratilishi belgilandi.

Loyiha O‘zbekiston tarixiy shaharlariga virtual sayohat qilishdan iborat, ya'ni foydalanuvchi virtual reallik shlemini kiyadi va o‘tmish davriga tushib qoladi.

Buni 3 bosqichda — Xiva, Buxoro va Samarqand davlat muzey qo‘riqxonalari misolida amalga oshiramiz.

Loyihada hozir 28 nafar yoshlar mehnat qilmoqda. Ichan qal'a davlat muzey qo‘riqxonasiga borib, har bir obektning detallarini o‘lchab, loyihaga kirityapmiz.

Loyihani amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar 2ta - Innovatsion rivojlanish vazirligi (1 mlrd so‘m grant berish arafasida turibdi) va «Yoshlar kelajagi» jamg‘armasi Xorazm viloyati filiali.

Hozir loyihamizning demo versiyasi va prototipini to‘liq tayyorlaganmiz. Buni moliyalashtirish amalga oshirilgandan keyin 6 oy ichida to‘liq tayyorlab, foydalanishga topshiramiz», — deydi u. 

Top