13:55 / 05.04.2021
7318

Xorazmda Xalqaro fizika-matematika maktab-internati tashkil etildi

Xorazmda fizika-matematika maktab-internati negizida Al-Xorazmiy nomidagi Xalqaro fizika-matematika maktab-internati tashkil etildi.

Xorazm viloyatining Shovot tumanida 45 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan fizika-matematikaga ixtisoslashtirilgan maktab-internat negizida Al-Xorazmiy nomli Xalqaro maktab-internatining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati ma'lum qildi.

Maktabning ochilish marosimida viloyat hokimi Farhod Ermanov, xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov, ushbu maktabning sobiq bitiruvchisi, adliya vaziri Ruslanbek Davletov ishtirok etdi.

Bundan bir yil avval prezidentning Xorazmga tashrifi chog‘ida alohida tilga olib o‘tilgan ushbu maktab negizida Xalqaro maktab-internat tashkil qilish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan edi. Oradan bir yil o‘tib, ushbu zamonaviy, innovatsion ta'lim dargohi pedagoglar jamoasi va o‘qituvchilarga tantanali ravishda topshirildi.

Mazkur maktabni hozirgacha tamomlagan 3 719 nafar o‘quvchidan 3 014 nafari, ya'ni bitiruvchilarning 81 foizi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirgan. 81 nafar o‘quvchi matematika va fizika fanlaridan respublika olimpiadalarida, 34 nafar o‘quvchi esa xalqaro olimpiadalarda munosib ishtirok etgan.

Hozirgacha maktabdan 105 nafar fan doktori va fan nomzodi yetishib chiqqan. Shuningdek, maktab bitiruvchilaridan 2 nafari senator, bir nafari prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari, bir nafari vazir, ikki nafari bank raisi va o‘rinbosari, 14 nafari hokim va o‘rinbosar, 100 nafari sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridir.

Maktab tashkil etilgan 1976 yildan beri biror marta ham kapital ta'mirlanmagan. Endilikda, qisqa fursatda zamonaviy tipdagi mazkur smart inshoot shinam va ko‘rkam ko‘rinishda qad rostladi.

Maydoni 32 ming kvadrat metr bo‘lgan zamonaviy kampusdan 7ta blokdan iborat inshootlar, xususan, o‘quv binosi, ma'muriyat, oshxona, 400 o‘rinli zamonaviy yotoqxona, mehmonxona, sport zallari hamda dam olish maskanlari joy olgan.

Top