13:49 / 06.04.2021
17027

Ajrimlar soni ko‘p bo‘lgan hududlar ma'lum qilindi

2021 yilning yanvar-mart oylarida hududlar kesimida eng ko‘p ajrimlar soni Toshkent shahrida qayd qilingan. Respublika bo‘yicha ajrimlar soni joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida 15,4 foizga ko‘paygan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha 9213ta ajrim holati qayd etilgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich 2020 yilning yanvar-mart oylarida 7,8 mingtani tashkil etgan. Ko‘rinib turibdiki, respublika bo‘yicha ajrimlar soni joriy yilning dastlabki 3 oyi davomida 15,4 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, 2021 yilning yanvar-mart oylarida respublika bo‘yicha 59 ming 754ta nikoh holati qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10 ming 243taga ko‘p. 

Yanvar-mart oylarida hududlar kesimida eng ko‘p ajrimlar soni Toshkent shahri (1 331ta), Farg‘ona (999ta), Andijon (995ta) va Toshkent (946ta) viloyatlarida kuzatilgan.

2021 yil yanvar-mart oylarida eng kam nikohdan ajrashish holatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (288ta), Navoiy (289ta), Sirdaryo (298ta) va Jizzax (337ta) viloyatlarida qayd qilingan.

Ajrimlar oqibatida jamiyatga yetadigan zararlar haqida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ajrashgan ayollarning aksariyatida quyidagi muammolar yuzaga kelgan:

Birinchidan, turar joy muammosi paydo bo‘ladi. Bola bilan ota-onasinikida yashash qiyin. Ijara narxi esa qimmat. To‘langan aliment bu pulning yarmini ham qoplamaydi.

Ikkinchidan, farzandlar ota mehriga zor bo‘lib o‘sadi. So‘rovnomada qatnashgan 51 nafar ayolning 44 nafarida jami 70 nafar bola bor va ulardan 99 foizi otasi bilan umuman ko‘rishmasligi ma'lum bo‘lgan. Birgina 2019 yilda 31 389ta oila ajrashgani hisobga olinsa, bunday bolalar sonini taxmin qilish mumkin. Ma'lum bo‘lishicha, erkaklar nafaqat boladan xabar olmaydi, balki turli bahonalar bilan aliment to‘lamaslikka harakat qiladi.

Uchinchidan, ajrashgan ayollarga jamiyatda noto‘g‘ri ko‘z bilan qaraladi: intim munosabatlar taklif etiladi, ijaraga qo‘yishni xohlashmaydi.

Respondentlar ajrimlarga sobiq turmush o‘rtog‘ining ro‘zg‘or boshqarishda mas'uliyatsizligi, mustaqil fikri yo‘qligi, oilaga boshqalarning aralashuvi (qaynana, qaynsingillar), erkakning yomon illatlarga ruju qo‘ygani, oilada ayolga qulday munosabatda bo‘lishlari, xiyonat kabi omillarni sabab qilib keltirgan.

 Ma'lumot uchun, 2020 yilda respublikada 28,2 mingta nikohdan ajralish holati qayd etilgan. O‘tgan yil davomida eng ko‘p oilaviy ajrimlar Toshkent shahri, Sirdaryo, Andijon va Toshkent viloyatlarida qayd etilgan. Ta'kidlanishicha, 2020 yilda kuzatilgan jami oilaviy ajrimlarning yarmida er-xotin o‘rtasida farzand bo‘lmagan, ajrashgan oilalarning 29,3 foizida bitta farzand hamda 20,6 foizida ikki va undan ortiq farzand bo‘lgan.

Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida nikohlanuvchi yoshlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish samaradorligini oshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborilgani haqida ma'lumot berilgandi.

Shuningdek, 2020 yil 9 dekabr kuni Senat raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida oilaviy ajrimlarning oldini olish, farzand ta'lim-tarbiyasida ota-ona mas'uliyatini oshirish, aliment tayinlash va to‘lash tizimini takomillashtirish masalalari tahlil qilingandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan so‘zlagan nutqida «Qani edi yurtimizda ajrim degan noxush holatning o‘zi bo‘lmasa, oilalar parokanda, bolalar tirik yetim bo‘lib, sarson-sargardon bo‘lmasa...», deb yoshlarni turmush masalasiga jiddiy qarashga chaqirgan edi.

Top