13:50 / 06.04.2021
14974

Sardoba fojiasiga qariyb 1 yil. Baliqchilar ko‘rgan zarar qoplanishi Moliya vazirligiga bog‘liq bo‘lib turibdi

Sirdaryolik baliqchilar Sardobadagi suv ombori buzilishi oqibatida ko‘rgan 100 mlrd so‘mdan oshiq zarar shu yil mart oyi oxiriga qadar to‘lab berilishi aytilgan edi. Viloyat hokimining 16 mart kuni vazir nomiga yo‘llagan xati hamon ko‘rib chiqish jarayonida.

2020 yil may oyida Sardoba suv ombori to‘g‘oni buzilib ketishi oqibatida yuz bergan fojia Sirdaryo viloyatining Mirzaobod, Oqoltin va Sardoba tumanlaridagi 70dan ortiq baliq xo‘jaligining 3,46 ming gektar sun'iy ko‘llariga zarar yetkazgan, u yerdagi baliqlar nobud bo‘lib, xo‘jaliklarning texnik qurilmalarini ham oqizib ketgan.

«Sirdaryobaliqsanoat» MChJ direktori O‘ktam Rahmatillayevning ma'lumot berishicha, Sardoba suv toshqinidan zarar ko‘rgan fermer xo‘jaliklariga zararni qoplash bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyev boshchiligida o‘tgan yig‘ilishdan so‘ng, shu yil 27 yanvar kuni viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzayev yig‘ilish o‘tkazgan. Unda tuzilgan bayonnomada baliqchilarga yetgan zararni qoplab berish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi orqali Moliya vazirligiga taklif kiritish masalasi qo‘yilgan.

O‘ktam Rahmatillayev mahalliy budjetda bunday miqdorda pul yo‘qligi uchun viloyat moliya boshqarmasi Moliya vazirligiga taklif kiritganini va mart oyi oxiriga qadar pullar to‘lab berilishi kutilayotganini bildirgandi.

Shuningdek, u agar pullar to‘lab berilmasa bu yil 3,5 ming gektar sun'iy ko‘llar tiklanmay, 30 ming tonna baliq yetishtirilmay qolishini aytgan edi.

Bugun aprel oyining 6-kuni. Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan aytilgan muddat (mart oyining oxiri)dan shuncha kun o‘tdi. Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ushbu masala yuzasidan hokimlik zimmasida biror ish qolmagan. Viloyat hokimligi 16 mart kuni baliq xo‘jaliklari va boshqa fermer xo‘jaliklariga yetkazilgan zararni qoplab berish yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri mablag‘ ajratish yoki uning manbasini ko‘rsatishni so‘rab Moliya vazirligiga xat chiqargan. Lekin vazirlik shu kunga qadar ushbu xatga javob bermagan.

Moliya vazirligi matbuot xizmati viloyat hokimligining xati ularga yetib kelgani hamda ushbu masala vazirlik tomonidan o‘rganilayotganini ma'lum qildi.

Mart oyi oxirida to‘lovlar to‘lab berilishi haqidagi va'da ham xuddi avvalgilari kabi yolg‘on bo‘lib chiqqanidan norozi bo‘lgan baliq xo‘jaliklarining rahbarlari viloyat rahbarlaridan umidini uzib, 5 aprel kuni Toshkentgacha kelishdi.

Vaziyat esa hamon o‘zgarishsiz qolmoqda.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top