12:18 / 06.04.2021
3201

Vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan fuqaro ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin

“Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, 2021 yil 10 apreldan:

  • Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” monomarkazi MChJ Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi davlat muassasasi etib qayta tashkil etiladi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda “Ishga marhamat” monomarkazlari davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi.

Qarorga muvofiq:

  • jamoat ishlarida ishtirok etayotgan va bandlikni rag‘batlantiruvchi subsidiyalar ajratilayotgan fuqarolarning biometrik avtorizatsiya hamda GPS-trekking tizimlari joriy etiladi;
  • mehnat organlariga murojaat etayotgan, ayniqsa, ishsiz yoshlar va xotin-qizlar, chet eldan qaytib kelayotgan mehnat migrantlarini mehnat bozoriga moslashtirish maqsadida autsorsing shartlarida psixologik mutaxassislar jalb etiladi.

Hududda vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda vaqtincha yashash joyiga ega bo‘lgan fuqarolar ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinishi mumkin.

2021 yil 1 mayga qadar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzurida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari faoliyatini videokuzatuv kameralari va abkm.mehnat.uz tizimi orqali doimiy nazorat qilish imkonini beruvchi Situatsion tezkor markaz tashkil etiladi. 

Qaror bilan shuningdek, “Eng yaxshi kasbga tayyorlash dasturi” bo‘yicha nodavlat ta'lim tashkilotlari o‘rtasida ochiq tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Top