10:13 / 07.04.2021
4146

Davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalari e'lon qilindi

Moliya vazirining “O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.

Nizom Budjet kodeksiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi davlat budjetini tuzish va ijro etish qoidalarini belgilaydi.

Davlat budjeti davlat pul mablag‘larning markazlashtirilgan jamg‘armasi bo‘lib, moliya yili mobaynida daromadlar manbalarini va ularning haqiqiy tushumlar miqdorini, shuningdek aniq maqsadlarga ajratiladigan mablag‘larning sarflanish yo‘nalishi va miqdorini ko‘zda tutadi.

Davlat budjeti quyidagi darajadagi budjetlardan iborat:

respublika budjeti;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti tuzilmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari budjetlari kiradi.

Viloyatlar mahalliy budjetlari tuzilmasiga viloyat budjeti, tegishli viloyatlar tumanlari va shaharlari budjetlari kiradi.

Toshkent shahar mahalliy budjeti tuzilmasiga shahar budjeti va shahar tarkibiga kiruvchi tumanlarning budjetlari kiradi.

Davlat budjetini tuzishda uning daromadlar va xarajatlar yoyilmalari respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston respublika budjeti, viloyat budjetlari, Toshkent shahar budjeti hamda ularning tumanlar va shaharlar budjetlari daromadlar va xarajatlar yoyilmalari asosida tuziladi.

Davlat budjetining daromadlar va xarajatlar yoyilmalari bir moliya yili muddatiga tuziladi va amal qiladi.

Davlat budjetining daromadlar va xarajatlar yoyilmalari so‘mda tuziladi.

Davlat budjetining daromadlar va xarajatlar yoyilmalarini shakllantirish, tasdiqlash va unga o‘zgartirishlar kiritish Moliya vazirligi Axborot tizimi orqali amalga oshiriladi.

Davlat budjetini tuzish jarayonida Davlat budjeti tuzilmasiga kiradigan budjetlar o‘rtasida ajratmalar normativlari belgilanadigan soliqlar va soliqsiz tushumlar tarkibi aniqlanadi hamda ularga ajratiladigan daromadlar ajratma miqdorlari belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari xarajatlarini ularning daromadlaridan oshib ketishiga – taqchilligiga – yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida tegishincha daromadlarni taqsimlash va qayta taqsimlash tizimi orqali ular daromadlari va xarajatlari balansi ta'minlanadi.

Davlat budjetini tuzish jarayonida uning daromadlari respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston budjeti, viloyat budjetlari, Toshkent shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari o‘rtasida ularning budjetlarida ko‘zda tutilgan xarajatlarni mablag‘lar bilan ta'minlash maqsadida taqsimlanadi.

Davlat budjeti tuzilmasiga kiradigan budjetlar daromadlar va xarajatlar balansi Budjet kodeksi va har yili qabul qilinadigan davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga asosan ta'minlanadi hamda respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston budjeti, viloyat budjetlari, Toshkent shahar budjeti, tumanlar va shaharlar budjetlari uchun daromadlarning ajratmalar miqdorlari belgilanadi.

Tartibga soluvchi daromadlarning normativ ajratmalar miqdorlarini belgilash:

O‘zbekiston respublika budjeti, Qoraqalpog‘iston budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari o‘rtasida taqsimlanadigan daromadlar bo‘yicha Moliya vazirligi tomonidan;

Qoraqalpog‘iston respublika budjeti, viloyat budjetlari, Toshkent shahar budjeti, shuningdek ular tarkibidagi tumanlar va shaharlar budjetlari o‘rtasida taqsimlanadigan daromadlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.

Top