17:19 / 07.04.2021
11181

Emlanganlarning 71 nafarida nojo‘ya ta'sirlar qayd etilgan, lekin birorta holat jiddiy emas – shtab a'zosi

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksina olganlarda shu paytga qadar birorta ham jiddiy asoratlar kuzatilmagan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Nurmat Otabekov ma'lum qildi.

1 apreldan mamlakatda katta shahar va viloyatlar markazlarida emlash punktlarida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayoni boshlandi. 6 aprel sanasiga qadar respublikada 29 ming 860 kishi AstraZeneca vaksinasi qabul qildi, yana 19 ming 742 kishi ZF-UZ-VAK2001 bilan emlandi.

«Emlanganlar orasida shu kunga qadar 71ta holatda umumiy nojo‘ya ta'sirlar qayd etildi. Bu holatlar tana haroratining 37,5 darajadan biroz ko‘tarilishi, organizmda biroz og‘riqlar, emlangan joyda qichishishlar va og‘riq sodir bo‘lishi, ba'zi hollarda asabiylashish va holsizlanish, qo‘rquv kabi belgilarda ko‘ringan.

Bir narsani ta'kidlash kerakki, ular orasida birorta ham jiddiy asoratlar kuzatilmagan», dedi shtab a'zosi.

Bular quyidagicha nojo‘ya ta'sirlar:

  • 45,7 foizida tana haroratining 37,5 darajadan oshishi;
  • 21,2 foizida tanada og‘riq;
  • 14,1 foizida emlagan joyda qichishish;
  • 11,2 foizida yengil bosh og‘rig‘i;
  • 6,1 foizida emlangan joyda og‘riqning paydo bo‘lishi;
  • 2,7 foizida asabiylashish, holsizlanish, qo‘rqish kabi belgilar.

Shu bilan birga, nojo‘ya holatlarning qanchasi qaysi vaksina tufayli ro‘y berganiga oydinlik kiritilmadi.

Otabekov bolalar orasida kasallanish holatlari ko‘payganini qayd etdi.

«Oxirgi paytda bolalar orasida kasallik qayd etilishi yuqoriligicha saqlanib turibdi. Masalan 6 aprel sanasida aniqlangan 206 nafar bemordan 54 nafari 19 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Bundan ko‘rinib turibdiki, hali koronavirusga qarshi jiddiy ta'sir ko‘rsatadigan imkoniyatga ega emasmiz. Shu sababdan har birimiz o‘zimizni va farzandlarimizni kasallikka chalinishdan himoya qilishimiz, karantin qoidalariga amal qilishimiz kerak», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 6 aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 47 ming 229 kishi karantin muddatini o‘tamoqda. Shu sanada mamlakatga xorijdan 9796 kishi kirib kelgan bo‘lsa, ularning 12 nafarida koronavirus kasalligi aniqlangan.

Avvalroq, emlanganlarda yuqori immunitet hosil bo‘lishi uchun nimalarga e'tibor berish lozimligi ma'lum qilingan edi.

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova xitoy-o‘zbek vaksinasi bilan emlangach yuz berishi mumkin bo‘lgan ta'sirlar haqida gapirgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top