15:59 / 07.04.2021
28031

«Gap odamlar ishonchi va hayoti haqida ketyapti» – Komil Allamjonov Mahmud Hasanning faoliyati haqida gapirdi

Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov o‘zining “Telegram” kanalida ayni paytda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Mulla Mahmud Hasan Kurdistoniy to‘g‘risida fikrlarini bildirdi.

Mulla Mahmud Hasan / Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

“O‘zbekistonga kelgan “kurdistonlik tabib” Ali Mahmud Hasan bo‘yicha IIV va Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni ogohlantirdi. IIV mish-mishlardan kelib chiqqan asossiz ma'lumotlarga ishonmaslikni aytgan bo‘lsa, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholining ishonch va e'tiqodidan foydalanib, soxta tabiblik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar haqida ogohlantirdi. 

Agar uning firibgarligi haqidagi ma'lumotlar asosli, isbotlangan bo‘lsa, nega uning faoliyati cheklanmayapti? Uning bemalol viloyatma-viloyat yurib, odamlarni davolashiga yo‘l qo‘yib berilyapti. 

Agar haqiqatda foydali tabib bo‘lsa, uni ham ro‘yxatga olish, litsenziya degan qoidalari bor. Gap odamlar ishonchi va hayoti haqida ketyapti. 

Endi bir kamiga chetdan kelib, xohlagan odam, xohlagan ishini qilib ketishi qolgandi. Shaharning darvozasi joyida turibdimi o‘zi? Albatta, kimdir o‘lishi yoki aziyat chekib, voy dod, deyishini kutyapmizmi? 

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik xizmati karantin, deb rosa jazolashni biladi-ku. Yoki matbuot xodimlarining ozgina xatosini ko‘rib qolsa, qonunlar va jazolarni eslatuvchi IIV qayerga qarayapti? Bu holatda rasmiy munosabatning o‘zi kamlik qiladi. Ishlash kerak, o‘rtoqlar, quruq gapiravermay!

PS: Shifo izlab har bir imkoniyatdan foydalanmoqchi bo‘lgan barcha bemorlarimizga esa Alloh shifo bersin”, deydi fond rahbari o‘z chiqishida.

Top