18:31 / 07.04.2021
2191

Navoiyda IIB xodimiga 2000 dollar pora berishga uringan shaxs qo‘lga olindi

Navoiy viloyatida ukasining jinoiy ishlarini yopib yuborish evaziga IIB xodimiga 2000 dollar pora taklif etgan shaxs ushlandi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Navoiy viloyat IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi xodimi J.Fayziyev I.X. va boshqa bir guruh shaxslarning dizel hamda boshqa turdagi yonilg‘i mahsulotlarini noqonuniy ravishda olib ketayotgani yuzasidan surishtiruv ishlari olib borgan.

Surishtiruv davomida J.Fayziyevning xonasiga kelib, o‘zini I.X.ning akasi I.Q. deb tanishtirgan shaxs, ukasining noqonuniy harakatlariga chora ko‘rmaslik hamda daliliy ashyo tariqasida olib qo‘yilgan narsalarni qaytarib berish evaziga 2000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora sifatida taklif qilgan.

J.Fayziyev bu shaxsga uning xatti-harakatlari qonunga zid ekani, shu bilan birga, ukasining noqonuniy ishlari bu tarzda yopilmasligi, qonun doirasida ko‘rib chiqilishini aytishiga qaramay, pora taklif qilishda davom etgan. Shundan so‘ng J.Fayziyev yuqoridagi holatni IIB boshlig‘iga bildirgi orqali ma'lum qilgan.

2021 yil 4 aprel kuni Navoiy viloyat IIB Transportda xavfsizlikni ta'minlash boshqarmasi binosida IIV O‘XB Navoiy viloyat bo‘yicha bo‘limi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, I.Q. J.Fayziyevga 6,8 million so‘m hamda 300 AQSh dollarini berayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan fuqaro I.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top