22:09 / 08.04.2021
18984

«Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvidan keyin 7 kishi javobgarlikka tortildi

«Navbahor» - «Paxtakor» uchrashuvidan (1:2) keyingi tartibsizliklarda qatnashgan yetti nafar fuqaro javobgarlikka tortildi.

Namangan shahridagi «Navbahor» stadionida «Navbahor» va «Paxtakor» futbol klublari o‘rtasida 7 aprel kuni o‘tkazilgan o‘yindan so‘ng yuzaga kelgan tartibsizliklar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Kun.uz’ga holat vazir o‘rinbosari Aziz Ikromov tomonidan nazoratga olingani, tartibbuzarlikni yuzaga keltirgan shaxslarni aniqlash choralari ko‘rilayotganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, futbol uchrashuvidagi tartibsizliklar yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) «v», «g» bandlari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

«Hozirga qadar 6 nafar fuqaroni Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik), 1 nafar fuqaroni kodeksning 183- va 194-moddalari (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda. Ayni paytda yana olti nafar shaxsning tartibbuzarlikka aloqadorligi tekshirilmoqda.

Ularning soni ancha ko‘p bo‘lishi ehtimoli yuqori. Sababi ayni paytgacha hodisaga aloqadorligi dalillar bilan tasdiqlangan shaxslarning ko‘rsatmalari, qolaversa, o‘yingoh majmuasidagi kameralar tomonidan yozib olingan videoyozuvlar orqali tartibbuzarliklarning boshqa ishtirokchilari qidirilmoqda, ularning shaxsiga oydinlik kiritilmoqda. Barcha ishlar vazir o‘rinbosari Aziz Ikramov tomonidan nazoratga olingan.

Tartibbuzarlikni yuzaga keltirgan barcha fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilgandan so‘ng ulardan tegishli tartibda ko‘rsatma olinadi va to‘plangan hujjatlar ishga oid dalillar bilan birga sudga taqdim etiladi. Ularga nisbatan qanday javobgarlik tayinlanishini sud belgilaydi», deya Shohrux G‘iyosovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

7 aprel kuni o‘tkazilgan «Navbahor» va «Paxtakor» jamoalari o‘rtasida Superliganing 5-tur uchrashuvini 15800 nafardan ortiq muxlis stadiondan turib kuzatib borgan. O‘yinning so‘nggi daqiqalarida toshkentliklar jamoasi hujumchisi Sardor Rashidov raqib jarima maydonida yiqitilgach, bosh hakam Firdavs Norsafarov VAR tizimi orqali vaziyatni ko‘rib chiqdi va penalti belgiladi. Bu qaror qabul qilinishi 5 daqiqadan ortiqroq vaqt oldi. Mehmonlar hujumchisi Dragan Cheran penaltidan unumli foydalanib, jamoasiga g‘alaba keltiruvchi golni urdi.

Gol so‘nggi daqiqalarda belgilangan penaltidan urilgani muxlislarning keskin e'tirozlariga sabab bo‘ldi. Uchrashuv yakunlangach, keyin hakamlar va «Paxtakor» futbolchilari stadionni namanganlik muxlislar tomonidan turli vositalar uloqtirilayotgan holatda tark etishgan. Namangan jamoasi muxlislari stadion tashqarisida ham tartibsizliklar yuzaga keltirishgan. Ushbu jarayon aks etgan video lavhalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Avvalroq hakamlar, «Paxtakor» o‘yinchilari va mehmonlar fan-klubining 35 nafar a'zosi nazorat ostida Namangan shahridan kuzatib qo‘yilgani, fuqarolar hamda jamoat tartibini saqlashga jalb qilingan xodimlar orasida hech qanday talafot yoki tan jarohat olish holatlariga yo‘l qo‘yilmagani xabar qilingan edi

Top