09:08 / 09.04.2021
27103

AQSh Rossiyaning harakatlariga javoban Qora dengizga harbiy kemalar jo‘natishi mumkin - OAV 

AQSh Rossiyaning Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini kuchaytirayotganiga javoban Qora dengizga harbiy kemalarini jo‘natish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu haqda AQSh mudofaa sohasidagi manbaga tayanib CNN telekanali xabar berdi.   

Manbaning ta'kidlashicha, bu harakatlar Moskvaga AQSh vaziyat ortidan kuzatayotganini bildirib qo‘yardi. AQSh hozircha Rossiya kuchlarining chegarada to‘planayotganini hujumkor harakatlarga tayyorgarlik deb baholamayapti, biroq “agar biror o‘zgarish bo‘lsa, bunga tayyor bo‘ladi”. Vashington bu vaziyatda Rossiya mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani va razvedka qo‘shinlarga keyingi harakatlarga buyruq bo‘lganini qayd qilmaganidan kelib chiqmoqda. 

AQSh Qora dengizga Turkiyadagi Bosfor yoki Dardanell bo‘g‘ozlari orqali o‘tadi. Montryo konvensiyasiga ko‘ra, AQSh bu haqida Turkiyani 14 kun oldin ogohlantirishi kerak bo‘ladi. Biroq hozircha AQSh Turkiyaga bunday ogohlantirishni yuborgani noma'lum.   

Pentagon vakilining ta'kidlashicha, AQSh harbiy aviatsiyasi Qora dengiz ustidagi xalqaro havo hududida razvedka olib bormoqda va Rossiya harbiy floti hamda Qrimda qo‘shinlarning harakatlanishi ortidan kuzatmoqda. 

8 aprelda Oq uy matbuot kotibi Jyen Psaki Rossiya qo‘shinlarining Ukraina bilan chegarada kuchaytirilayotganidan xavotir bildirgandi. Uning aytishicha, hozirda Rossiyaning Ukraina bilan chegarasida 2014 yildan beri eng ko‘p sondagi qo‘shin to‘plangan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov qo‘shinlarning chegaraga ko‘chirilishini Moskvaning Ukrainadagi notinch vaziyatga munosabati ekanini aytgan.  

Rossiya Federatsiya kengashi vitse-spikeri Konstantin Kosachev Vashingtonning ushbu rejalariga izoh berib, Ukrainaning AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi Kiyevning Donbassda harbiy kuch qo‘llashga undashini anglatishini aytgan.  

Uning eslatib o‘tishicha, Montryo konvensiyasiga ko‘ra Qora dengiz bo‘yida joylashmagan davlatlarning harbiy kemalariga turk bo‘g‘ozlaridan o‘tish uchun kema sinfi (kichik o‘lchamdagi suv usti kemalari o‘ta oladi) va tonnaji bo‘yicha cheklov kiritilgan. 

“Bunday harbiy kemalarning umumiy tonnaji 30 ming tonnadan (tonnaj Qora dengiz bo‘yi davlatlari harbiy-dengiz kuchlari oshirilganda 45 ming tonnagacha ko‘tarilishi mumkin) oshmasligi va ular Qora dengizda 21 kundan ko‘p qolmasligi kerak. Bu masalaning huquqiy tomoni. Biroq uning siyosiy tomoni ham mavjud”, deb aytgan Rossiya vakili. 

Mavzu
Ukraina mojarosi
2020 yil mart oyi oxirida ukrainalik harbiylar Donbassdan berilgan artilleriya zarbalari qurboni bo‘ldi. Aprel oyi boshida Rossiya Ukraina bilan chegarada qo‘shinlarini to‘play boshladi.
Barchasi
Top