14:19 / 09.04.2021
43842

Toshkent shahrida «Navro‘z» to‘yxonasi buzib tashlandi. Hokimlik rasmiy izoh bilan chiqdi

Toshkent shahrida «Navro‘z» to‘yxonasi buzib tashlandi. Ijtimoiy tarmoqlarda 8 apreldan 9 aprelga o‘tar kechasi buzish ishlari olib borilgani tasvirlangan videolavhalar tarqaldi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy izoh bilan chiqdi. Unda Milliy bog‘ hududida qanday qurilish ishlari olib borilishi bo‘yicha ma'lumot berildi.

Ta'kidlanishicha, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, Milliy bog‘ hududida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi, yangi Milliy drama teatr binosi, yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida Davlat san'at muzeyining namoyishlari kompleksi, yosh olimlar, yoshlar va kitob ixlosmandlariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan, ilm-fan va san'at turli sohalariga oid bosma va elektron davriy nashrlarning ulkan salohiyatiga ega bo‘lgan hamda 1,5 mln dona kitoblar fondini o‘z ichiga olgan kutubxona binosini qurish ishlari boshlangan.

2020 yilning noyabr oyida Toshkent shahridagi «Navro‘z» to‘yxonasi rekonstruksiya qilinib, qator loyihalar amalga oshirilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida ma'lum qilingan.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov to‘yxona to‘liq rekonstruksiya qilinib, atrofi sayilgohga aylantirilishini ta'kidlagan.

«Navro‘z» to‘yxonasi o‘rniga ichini rekonstruksiya qilgan holda binoning 2-qavatida 2000 kvadrat metrdan ko‘p bo‘lgan joyda Toshkent shahridagi barcha investitsiya loyihalari taqdimoti va davlat ishtirokidagi davlat ulushi bor korxonalarning Showroom’i tashkil etiladi. Bundan tashqari, binoning 1-qavatida ishsizlar birjasi bo‘lib o‘tadi. Bu loyiha Mehnat vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi. «Temir daftar»ga tushgan ishsiz aholi shu yerga kelib, mutaxassisligi bo‘yicha o‘ziga ma'qul keladigan ishni topish imkoniyati bo‘ladi», degandi Sharof Rahmonov.

Top