11:14 / 09.04.2021
10102

Yirik rejalarni amalga oshirish uchun Rossiyaga migrantlar yetishmayapti

Bir qancha rus rasmiylari pandemiya sabab mamlakatda mehnat muhojirlariga talab yuqori ekanligini bot-bot takrorlashmoqda. 

O‘tgan yil davomida pandemiya sabab Rossiyada muhojirlar soni sezilarli darajada kamaygan va hozirda mamlakatda loyihalarni amalga oshirish uchun ishchi kuchi yetarli emas. Bu haqda Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma'lum qildi.

Shuningdek, u rus xalqi o‘rtasida muhojirlarga nisbatan norozilik kuchaygani, shuningdek, migrantlarga mamlakat xavfsizligiga tahdid sifatida qaraydigan qatlam shakllangani haqida berilgan savollarga javob berib o‘tdi.

«Rostini aytganda, men munosabatlarga oid biror bir sotsiologik tadqiqot materiallari bilan tanish emasman. Shuning uchun men rossiyaliklarning muhojirlarga nisbatan munosabati haqida izoh bera olmayman», — dedi Peskov.

Jurnalistlar tomonidan bunday savollar berilishiga Rossiya prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Magomedsalam Magomedovning 2025 yilgacha davlatning millat siyosati strategiyasini amalga oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytgan so‘zlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

U muhojirlarga salbiy munosabatda bo‘lgan rossiyaliklar soni 2020 yilda 7,5 foizga oshganini aytib o‘tgan.

Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ishchi kuchi avvalo qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarida yetishmayotgani kuzatilmoqda.

U muhojirlarning farzandlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning rus jamiyatiga moslashishi uchun sharoit yaratib berilishi bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytib o‘tgan.

Shuningdek, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Marat Xusnullin Rossiya chegaralarini ochsa va ilgari mamlakatda ishlagan xorijliklar qaytgan taqdirda ham, qurilishlarda baribir mehnat migrantlari yetishmasligini aytib o‘tgandi.

«Bizda qurilish-montaj ishlari hajmining o‘sishi mehnat resurslariga qaraganda ancha yuqoridir. Biz ildam o‘smoqdamiz, ish hajmlarini ko‘paytiryapmiz. Chegaralar ochilishi natijasida mehnat migrantlari qaytsa ham, bu sohada bizda ishchilar yetishmaydi», — dedi u.

Bu boradagi yana bir omil rossiyaliklarning qurilish sohasidagi ishlarda taklif qilinayotgan oylikka ishlashni istamasligidir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiya davrida 1,5 million mehnat muhojiri mamlakatni tark etgan.

Oxirgi paytlarda bu borada Rossiya tomoni sezilarli o‘zgarishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, Rossiya ichki ishlar vazirligi chet elliklarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga mavjud qonunbuzarliklarga qaramay, mamlakatda qolishlarini qonuniylashtirishga imkon beradigan qonun loyihasini ishlab chiqayotgani xabar qilingandi. Shuningdek, yangi qonun loyihasi Rossiya hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun o‘n yil muddatga vaqtinchalik shaxsiy guvohnomalarni berishni nazarda tutadigan huquqiy maqomni tartibga solishga ham qaratilgan. Ushbu tartib 2021 yil 24 avgustdan kuchga kirishi aytilmoqda.

Rossiya IIVning ma'lumot berishicha, joriy yilning ikki oyi davomida 1 mln 84 ming kishi migratsion ro‘yxatga olingan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravarga kam.

Rus rasmiylari anchadan beri O‘zbekiston mehnat migrantlari masalasida Rossiyaga bog‘liq ekanini aytib kelishadi. Bir necha yildan beri muttasil ravishda rus aholisining kamayib borayotgani inobatga olinsa, keyingi yillarda rus hukumati mehnat migrantlarini qo‘shimcha tarzda jalb qilishga majbur bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Ko‘pchilik possovet mamlakatlari (xususan, Boltiqbo‘yi respublikalari, Ozarboyjon, Gruziya, Qozog‘iston)da turmush darajasi va mehnatga haq to‘lash Rossiyaga nisbatan balandroq va yaxshiroq. Aholi sonidan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Tojikiston va Qirg‘izistonda mehnat resurslari cheklangan.

Eng muqobil yaxshi tanlov Rossiya uchun O‘zbekiston va uning o‘sishdan to‘xtamayotgan ishchi kuchi bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid
Top