12:00 / 10.04.2021
3273

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ raqamli transformatsiya jarayonida «Iks xolding» kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda

Bugun elektr energiyasisiz jamiyat taraqqiyotini tasavvur etib bo‘lmaydi. Uyda deysizmi yoki ishxonada, elektr energiyasi inson uchun qulay sharoit yaratadigan ajralmas yordamchiga aylandi. Ulkan shaharlar, gigant ishlab chiqarish korxonalarini ham harakatlantiruvchi kuch – bu elektr energiyasi. Mamalakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish sektorida issiqlik elektr stansiyalarining ulushi qariyb 86 foizni tashkil qiladi.

Soha oldida turgan muhim vazifalardan biri – boshqaruv, ma'lumotlar almashinuv va ishlab chiqarish jarayonini raqamlashtirish, tizimga jahonda yetakchi hisoblangan IT texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi.

«Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasi va raqamli transformatsiya dasturini samarali tashkil etish bo‘yicha «Issiqlik elektr stansiyalari» AJda «Iks xolding» kompaniyasi vakillari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda «Iks xolding» kompaniyasi tomonidan «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va uning tarkibidagi korxonalarda boshqaruv va ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot davomida, kompaniyaning soha korxonalari faoliyati bilan tanishish bosqichi yakunlariga ko‘ra berilgan baholar e'lon qilindi hamda keyingi bosqichlarga tayyorgarlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ta'kidlash lozimki, mazkur kompaniya bilan hamkorlikda «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ va uning korxonalarida innovatsion raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha raqamli transformatsiyani amalga oshirish uchun «yo‘l xaritasi» ishlab chiqilgan hamda bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

«Issiqlik elektr stansiyalari» AJ
Matbuot xizmati

Top