21:53 / 11.04.2021
12522

Rossiya pandemiya davrida ortiqcha o‘limlar ko‘pligi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi

Foto: Emile Ducke / The New York Times

Koronavirus pandemiyasi davrida - 2020 yilning aprel-dekabr oylarida Rossiyada ortiqcha o‘lim holatlari odatdagidan 28 foizga ko‘p bo‘ldi. New York Times nashrining yozishicha, Rossiya bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Yevropa va AQSh davlatlarini ortda qoldirgan.

Nashr Rossiya statistika qo‘mitasiga asoslanib ma'lumot berishicha, 2020 yilning aprelidan dekabrgacha bo‘lgan davrda Rossiyada ortiqcha o‘lim holatlari 362 ming 302tani tashkil etgan. Rossiya bergan rasmiy ma'lumotlarda, bu davrda faqat 57 mingdan oshiqroq kishi koronavirusdan vafot etgani qayd etilgan.

Taqqoslash uchun nashr AQShdagi ortiqcha o‘lim statistikasini keltiradi. 2020 yil mart oyi o‘rtalaridan dekabrgacha aholisi soni Rossiyadagidan qariyb ikki barobar ko‘p bo‘lgan Qo‘shma Shtatlarda ortiqcha o‘lim 385 ming 100tani tashkil etgan, shundan 316 ming 370 o‘lim COVID-19 bilan bog‘liq. AQShda ortiqcha o‘lim ko‘rsatkichi — 17 foiz.

New York Times maqolasida ortiqcha o‘lim holatlari ko‘rsatkichlari RF prezidenti Vladimir Putinning Rossiya pandemiya va uning oqibatlariga qarshi kurashishda dunyoda yetakchi davlatlardan biri bo‘lgani haqidagi bayonotlarini shubha ostida qoldirishi qayd etilgan.

Mavzuga oid
Top