00:43 / 11.04.2021
32664

Termizda o‘quvchi qizning zo‘rlangani bo‘yicha tergovoldi tekshiruvi qayta boshlandi

Termiz shahrida voyaga yetmagan qizning nomusiga tegilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi IIB qarorini prokuratura bekor qildi.

Termiz shahar prokurori maktab o‘quvchisining zo‘rlangani holati bo‘yicha jinoyat ishi ochishni rad etish to‘g‘risidagi shahar IIB qarorini bekor qildi.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi axborotiga ko‘ra, qaror 5 aprel kuni bekor qilingan va qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazish uchun Termiz shahar IIB Tergov guruhiga yuborilgan.

Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ham bayonot berdi.

Departament ma'lumotiga ko‘ra, Termiz shahrida yashovchi fuqaro R.S. Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib (ariza qachon berilgani xabarda ochiqlanmagan), qizi 2003 yilda tug‘ilgan S.Ch.ni oldindan tanishi bo‘lgan 1994 yilda tug‘ilgan B.E. ismli yigit 2020 yilning yanvar oyida Termiz shahridagi restoranning qorovulxonasida zo‘rlab, nomusiga tekkanini ma'lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ekspertizaning 2020 yil 18 martdagi xulosasida qizning badanida jarohat izlari aniqlanmagani, qizlik pardasining anatomik butunligi buzilgani, lekin hodisa ancha oldin bo‘lgani sababli buzilish muddatini aniqlashning imkoniyati yo‘qligi ko‘rsatilgan.

«Bundan tashqari S.Ch.dan olingan kiyimlar bo‘yicha sud-biologik va sud-kriminalistik ekspertizalar tayinlanib, protsess ishtirokchilari tomonidan taqdim qilingan barcha ashyoviy dalil tariqasida baholanishi mumkin bo‘lgan narsalar olinib, tergovga qadar tekshiruv materiallariga qo‘shilgan.

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida bir qator tergov harakatlari amalga oshirilib, ishga aloqador fuqarolardan tushuntirish xatlari olingan. Bundan tashqari, mazkur holat doirasida sud-psixologiya hamda sud-psixiatriya ekspertizalari tayinlanib, xulosalari ish materiallariga qo‘shilgan.

Mazkur holat yuzasidan 16.03.2021 yilda fuqaro B.E.ning harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud bo‘lmagani asosi bilan JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan», – deyiladi IIV Tergov departamenti axborotida.

Bu qarorni 5 aprel kuni prokuratura bekor qilgach, 6 aprelda Termiz shahri bo‘yicha IIO FMB 4-sonli IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan sudga oid qayta komission tibbiy ekspertiza tayinlanib, to‘plangan hujjatlar SSVning Respublika sud-tibbiyot ekspertiza ilmiy-amaliy markaziga yuborilgan.

Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari qaytadan o‘tkazilmoqda. Holatni Senat va Ichki ishlar vazirligi nazoratga olgan. Jinoyat ishi ochishni rad etgan mas'ul xodimlarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 9 aprel kuni senator Farhod Boqiyev Senat rasmiy saytida maqola chop etib, termizlik ota-ona murojaati haqida ma'lum qilgandi. Unda ta'kidlanishicha, jabrlanuvchining ota-onasi Termiz shahar IIO FMBga ariza bilan bir necha marta murojaat qilganiga qaramay, B.E.ga nisbatan qariyb 14 oydan beri jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay kelinmoqda – mas'ullar yuzaki o‘rganishlar bilan cheklangan va ishni bosti-bosti qilib kelgan.

Qizning yaqinlari Termiz shahar IIO FMBda B.E.ning do‘stlari ishlashi sababli ish bosti-bosti qilib kelinayotganini aytgan. Bu organdan umidini uzgan ota-ona «so‘nggi chora sifatida» Senatga murojaat qilgan.

Mavzuga oid
Top