19:22 / 12.04.2021
89640

Organizmni zo‘riqtirib qo‘ymang - Ramazon oyida to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha yo‘riqnoma

Oylarning shohi Ramazonga ham yetishdik. So‘nggi yillarda yashash tarzimiz, taomlanishimiz ancha rivojlanib, o‘zgarib qolgani rost. Bunday sharoitda inson organizmida zo‘riqishlar kelib chiqmasligi uchun nimalar qilish kerak?

Diyetolog va sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi, bloger Rashid Usmonov o‘z tajribalari va kuzatishlaridan kelib chiqib, ro‘za tutish mobaynida sog‘liqqa nojo‘ya ta'sir ko‘rsatuvchi ayrim xatolar, xususan, noto‘g‘ri ovqatlanish haqida gapirib berdi. U ayniqsa pandemiya davrida yashayotganimiz uchun ahamiyat berishimiz lozim bo‘lgan muhim jihatlarga ham to‘xtalib o‘tgan.

Ramazon oyiga tayyorgarlik

Parhezshunoslar organizmni har qanday ochlik va parhezga tayyorlagani kabi, aslida, Ramazongacha ham nafl ro‘za tutib, parhez qilib, sog‘ligimizni tiklab, tayyorgarlik ko‘rib olish kerak.

Ramazon ro‘zasini tutishdan ikki-uch kun avval oshqozonda kislotaviylikni oshiruvchi mahsulotlarni cheklashimiz, ayniqsa, to‘yib ovqatlanishdan o‘zimizni saqlashimiz lozim. Ayrimlar «ertadan ro‘za», deya bir-ikki kun haddan ziyod ko‘p va kuchli ovqatlanib olishadi va bu jarayon ro‘zaning ilk kunlarida ularning qiynalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki ichki a'zolar yana shuncha ovqat yeyilishini kutadi, ishtaha ochilib, shunga tayyor turadi.

Ro‘za tutaman degan odam, avvalo, ishonch bilan boshlashi kerak. Och yurishga chiday olishingizga ishonsangizgina butun ichki organlaringiz ertalabdan kechgacha yemaslik holatini tushunib, shu sharoitga mos faoliyat yuritadi. Sizning ishonchingiz butun ichki a'zolarga shomgacha och yurishga signaldir. Ishonchning kuchliligi esa farz amalni Allohning roziligi uchun bajarish kerakligini anglab, niyatni to‘g‘ri qilishga bog‘liq.

Saharlik

Ertalab uyg‘onganimiz hamono dastlab iliq suvga imkon bo‘lsa bir choy qoshiq asal aralashtirib ichib olib, keyin saharlikka tayyorgarlik ko‘rilsa, 10–15 daqiqadan so‘ng yegan taomimiz suv bilan aralashmaydi va noqulayliklardan qutulamiz.

Saharlikda asosiy ichimlik suv bo‘lishi lozim.

Endi esa saharlik qilish uchun uch xil eng foydali mahsulotlarni keltirib o‘tamiz.

  1. Saharlikda imkon qadar tez hazm bo‘lmaydigan va yuqori kaloriyaga ega donli mahsulotlarni iste'mol qilish lozim. Bular: suli bo‘tqasi, shirguruch, mastava va shu kabilar.
  2. Sut mahsulotlaridan eng avvalo shirchoy, undan tashqari, tvorog, qatiq, smetana mahsulotlari bilan kun davomida chanqamasdan yurishimiz kuzatilgan.
  3. Asal, arab xurmosi, yong‘oq, mayiz, o‘rik turshagi, olcha qoqi va boshqa shu kabi quruq mevalar.

Yuqoridagi mahsulotlarni saharlik paytida imkon qadar bir-biriga aralashtirmasdan, alohida iste'mol qilish tavsiya qilinadi. Bu kun davomida o‘zimizni yaxshi his qilishimizga zamin yaratadi.

Qanday mahsulotlarni iste'mol qilishdan tiyilish kerak?

Quyidagi mahsulotlar kun davomida chanqab qolishimizga — ichgan suvimiz tanani tezroq tark etishiga sabab bo‘lishi mumkin:

  • yog‘li mahsulotlar va yog‘li ovqatlar;
  • me'yoridan ortiq achchiq choy;
  • dudlangan go‘sht mahsulotlari (kolbasa, sosiska va hokazo);
  • sho‘r mahsulotlar;
  • tuzlama mahsulotlari;
  • kofe va kofeinga boy mahsulotlar;
  • shakarni haddan ziyod ko‘p iste'mol qilish;
  • barcha notabiiy kimyoviy moddalar aralashtirib tayyorlangan oziq-ovqatlar;
  • lavr (dafna) yaprog‘i, na'matak mevasi kabi peshob haydovchi damlamalar.

Immunitetni oshirish yo‘llari

Sog‘lom odam ro‘za tutishi uning immunitetini tushirmaydi, aksincha ko‘taradi. Agar holsizlik, kamqonlik va boshqa kasalligingiz bo‘lsa — albatta, shifokoringiz maslahati bilan yo‘l tutishingiz maqsadga muvofiqdir.

Iftorlikdan saharlikkacha ovqatlanishingizga qarab quyidagi mahsulotlardan birini qo‘shib iste'mol qilsangiz, immunitetingiz oshishiga juda yaxshi foyda qiladi:

  • Oshqovoq urug‘i bir osh qoshiq nonushta bilan birga. 
  • Zaytun yog‘i bir osh qoshiq kechqurun yotishdan oldin. 
  • Sedana (siyohdona) yog‘i bir osh qoshiq kechqurun ovqatdan so‘ng. 
  • Asal bir osh qoshiq ertalab suvga qo‘shib. 
  • Oq karrak urug‘i (rastoropsha) 10 dona iftorlikdan oldin yoki so‘ng.  
  • Arab xurmosi 4 dona saharlik va iftorlikda. 
  • Jiyda 10 dona saharlikda. 
  • Braziliya yong‘og‘i 1 dona saharlikda. 
  • Imbirli choy saharlik va iftorlikda.
  • Dolchinli choy saharlik va iftorlikda.
  • Malinali choy saharlik va iftorlikda. 
  • Na'matak damlamasi iftorlikda.
  • Za'faron damlamasi haftada ikki marta.

Yuqoridagi mahsulotlar pandemiya sharoitida sizga mustahkam immunitetni yuqori maromda ushlab turishda yaxshigina yordam beradi va sog‘ligingizga ham foydali.

Kun davomida

«Ro‘zadorman, kuni bo‘yi harakat qilsam och qolaman, harakatdan qolib holsizlanaman», deb aslo o‘ylamang. Ro‘zada odam doim ohista harakatda bo‘lishi kerak, harakat va ochlik sog‘ligimizni tiklashimizga va mustahkamlashimizga ikki karra hissa qo‘shadi.

Harakat qilmasdan faqat yotib yashash esa sekin-asta yurakning kam urishi va organizmning shunga ko‘nikib qolishiga, holsizlanish holatlariga olib keladi, bu esa ibodatlarimizga ham o‘z ta'sirini o‘tkazishi mumkin. Saharlikdan so‘ng 4–5 kilometr piyoda sayr qilib olish, iftorlikdan keyin esa taroveh namozlarida qoyim bo‘lish tavsiya qilinadi.

Sutkasiga kamida 7 soat uxlab olish kerak, lekin kunduzi och qorinda uxlashga sharoiti borlar bu uyquni kamida ikkiga ko‘paytirib, hisob-kitobini olib borishi kerak. Ya'ni kunduzgi 1,5–2 soatlik uyqu tungi 4–5 soatning o‘rnini bosadi. Bunga sabab — oshqozonimiz toza holatda bo‘lishidir. Ko‘proq peshindan keyin uxlab olish tavsiya qilinadi.

Quyosh nuri garchi o‘z issig‘i bilan qiynasa-da, lekin bizni chiniqtirib, hozirda organizmimiz uchun muhim bo‘lgan D vitaminiga to‘yintiradi, tana qurilishimizni mustahkamlaydi. Har kuni ertalabki 15–20 daqiqa sayr bilan, quyosh nurida chiniqib olish kerak.

Iftorlik

Bu paytga kelib, oshqozonimiz va butun sezgi organlarimiz hazm qilish va ta'm sezishga shay turadi. Shu sababli insonning ta'm sezish organlari karrasiga yaxshi ishlaydi.

Avval ikki dona xurmo va taxminan 300 millilitrgacha iliq yoki uy haroratidagi suv bilan og‘iz ochib olamiz, yoki suvni kamroq ichib, ho‘l mevalardan yeb olib, so‘ngra 10–15 daqiqadan keyin ovqatlanishimiz mumkin. Bu xuddi avtoulovni haydash uchun qizdirib tayyorlashdek, oshqozonimizni ovqat hazm qilishga shay qiladi.

Kechki ovqat imkon qadar tez hazm bo‘ladigan va yengil bo‘lishi lozim va albatta, barra salatlar, ko‘katlar bilan birga iste'mol qilinishi kerak. Ayniqsa, hozirgi holatda suyuq ovqat va barra salatlar qonimizni suyultirishini, aksincha, quyuq ovqatlar quyuq qon hosil qilishini unutmasligimiz lozim.

Misol uchun: 

  • Jo‘jaxo‘rozdan sho‘rva (bir yoshga to‘lmagan xo‘roz)
  • Qo‘zi go‘shtidan sho‘rva (olti oygacha bo‘lgan qo‘y bolasi - qo‘zi)
  • Uloq sho‘rva (uch-olti oygacha echki bolasi)
  • Sabzavotli dimlama (karam, sholg‘om, sarimsoq, oshqovoq, sabzi va hokazo)
  • Karam sho‘rva
  • Moshxo‘rda
  • Mastava

Albatta ozg‘inlar, qoni suyuq kishilar tansiq taomlardan iste'mol qilishi mumkin.

Kechasi yotishdan bir soat oldin, biror nima tamaddi qilmasdan uxlay olmaslik odati bo‘lsa, qatiq, olma va boshqa tez hazm bo‘ladigan meva va sabzavotlardan yeb uxlashi mumkin.

Zararli odatlar

Saharlikda me'yoridan ortiq va tartibsiz ovqatlanib, bo‘kib olish o‘ta noto‘g‘ri. Bu — yomon odat: oshqozonda muammolar keltirib chiqarishi bilan birga, aksincha, kun davomida och va chanqab yurishingizga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Ortiqcha vaznga ega odamlar saharlikda nomiga mevalardan yeb olib, suvdan to‘yib ichib olishsa, shuning o‘zi kun davomida yengil yurishlariga yetarli bo‘lishi bilan birgalikda ochlikdan qaltirash kabi muammolardan saqlaydi.

Saharlikda yaxshi ovqatlanib turib shartta cho‘zilib yotish juda zararli. Bu holat oshqozon - ichaklar ish faoliyatini buzib, kun davomida behol yurish yoki shu bilan oshqozonda muammolar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin. Kamida saharlikdan 2 soat o‘tkazib, keyin uxlash tavsiya etiladi.

Og‘iz ochganda yaxdek ichimlik bilan chanqoqni bosish ham zararli odat. Kun davomida oshqozon va ichki a'zolar o‘zini o‘zi davolash bilan band bo‘ladi va ichki harorat issiq turgan paytda muzdek ichimlik ichish — bu xuddi issiq haroratdagi shisha idishga salqin ichimlikni quyib, sindirib qo‘yishdek gap. Bu naqafat ro‘zaning shifobaxshlik xususiyatini pasaytiradi, balki iftorlikda yegan ovqatimizning tez hazm bo‘lishiga ham to‘sqinlik qiladi.

Iftorlik vaqti kirganda juda ham ko‘p suv ichish odati ham ishtahani bo‘g‘ib qo‘yadi. Natijada, yaxshi ovqatlanolmay qolasiz yoki majburan ovqatlanish natijasida ertalabgacha oshqozon damlab, yegan narsangiz hazm bo‘lmasdan qiynalib yurasiz.

Ovqat payti shirinliklar, tort, shokolad, gazlangan ichimliklar qo‘shib iste'mol qilish mumkin emas. Bular birga aralashsa, hazm jarayonini sekinlashtirib, bizni qiynab qo‘yadi. Shuningdek, notabiiy shirinliklar va shakarli mahsulotlar kun davomida ochlik hissini keltirib chiqarishini unutmang.

Oxirgi paytlarda eshitib qolamiz, saharlik va iftorlikda ovqat bazmlari yetmaganidek, yana yarim tunda do‘stlar davrasida yig‘ilib o‘tirish, Ramazoniy kechalarda odatiy kunlardan ko‘proq taomlanib olish haqida. Lekin bu tanamizga ham, ruhiyatimizga ham ziyon qiluvchi odatlardan hisoblanadi.

Ro‘zaning yanada shifobaxsh bo‘lishini va Ramazonda tetik yurishni istasangiz, albatta, faqat tabiiy yeguliklar va ichimliklar bilan taomlanishni tavsiya qilaman. Faqat tabiiy! Tabiiy mahsulotlarni to‘g‘ri tanlashning eng sodda yo‘li — har bir mahsulotni yeyishdan oldin, o‘zingizga savol berishdir.

Masalan: «Shu mahsulotni 100 yil oldin ota-bobolarimiz iste'mol qilganmi? 100 yil oldin bor edimi shu yegulik?»

«Yo‘q, bobolarimiz yemagan, u davrda yo‘q edi bu taom», degan javob kelsa, albatta, shu narsani yemaysiz yoki ichmaysiz.

Ovqatlanishda har xil turdagi mahsulotlarni qo‘shib iste'mol qilmaslikka e'tibor qaratish lozim.

Yana bir zararli odat — konditsionerni juda ham salqin qilib olish hisoblanadi: shamollab qolish mumkin. Qolaversa, issiq havoda chiniqishning o‘zi inson organizmi uchun koni foydadir.

Xulosa

Yuqoridagi maslahatlar asosan o‘zimning tajribalarimdan kelib chiqib yozildi, albatta, kun davomida sabr qilib yurgandan so‘ng kechqurungi ayrim cheklovlarga rioya qilish oson ish emas. Bu ham sabr talab qiladigan ish, agarda sabr bilan yuqoridagilarga rioya qilinsa, albatta, ro‘zamizning shifobaxshlilik xususiyati yanada ko‘proq bo‘ladi.

Shuni unutmangki, eski zamonlarda bobolarimizning muzlatkichlari to‘la bo‘lmagan, ular biz tuzatadigan dasturxonlarni tuzab iftorlik qilishmagan, ularning dasturxonlari faqat tabiiy ichimliklar va hech qanday kimyoviy qo‘shimchalar qo‘shilmagan mahsulotlarga boy bo‘lgan. Boz ustiga, ular quyosh nurida chiniqib, toza havodan nafas olishga harakat qilishgan. Albatta, ular ro‘zadan bizdan-da ko‘proq shifo topishgan. Shu sababdan avvalgi tabiiy yashash tarziga moslashtirib kun kechirishimiz kerak.

Ramazon ro‘zasini tutishni boshlagandan 2–5-kun o‘tib ayrimlarda bosh og‘rig‘i kuzatiladi. Tabiblar bunga sabab qilib tanadan zararli toksinlarning tark etishini ko‘rsatishgan. Yana qandaydir kasalligingiz bo‘lsa, holatga qarab shifokorga murojaat qilishni unutmang.

Har bir organizm, mijoz, iqlim va sharoit har xil, shunga qarab o‘zingizga mos bo‘lgan foydali tadbirlarni qilib, Ramazon oyini maroqli o‘tkazib oling.

Butun dunyo tibbiyot va tabobat olimlari ro‘zani ming dardga davo, deb ta'kidlashadi. Oshqozon kasalliklari, bo‘g‘inlardagi muammolar, tuzlar, toshlar, qon bosimi va boshqa kasalliklardan birvarakayiga xalos bo‘lishni istasangiz, albatta, imkoni boricha yuqoridagi maslahatlarga to‘liq rioya qiling. Shundagina ro‘zani 30 kun, paydar-pay qiynalmay tutasiz, Alloh rizoligiga erishasiz, shifo ham topasiz.

Niyatimiz — faqat Alloh roziligi uchun bo‘lsin, salomatlikka e'tiborli bo‘lish va sog‘lom taomlanish esa sunnatga muvofiq tadbirlardir.

P.S. Pandemiyani inobatga olib shuni aytishim joizki, siz agarda salqin ichimlik ichish yoki konditsionerli xonada yotib qolish natijasida organizmingizni shamollatib qo‘ysangiz, sizning tanangiz immun tizimi bor kuchini shamollashni davolashga qaratadi. Oqibatda tanada viruslarga kurashuvchanlik pasayadi. Bunaqa holatda oldingi zotiljam (pnevmoniya) holatlari qo‘zg‘ab qolishi yoki xudo ko‘rsatmasin, virus yuqqan taqdirda, kasallik og‘ir kechishi mumkin.

Rashid Usmonov,

sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi.

Mavzuga oid
Top