13:11 / 12.04.2021
9324

TATU Samarqand filiali karantinga yopildi, o‘qituvchi va talabalarda koronavirus aniqlangan

Foto: TATU Samarqand filiali

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali o‘qituvchilari va talabalarida koronavirus aniqlangan. Shu sababli mazkur oliy ta'lim muassasasi karantinga yopilib, o‘qish onlayn ta'limga o‘tkazilgan. Bu haqda OTM axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, joriy 2021 yilning 9 aprel kuni Samarqand shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan olib borilgan epidemiologik tekshiruv chog‘ida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali o‘qituvchilari va talabalarida COVID-19 aniqlangan.

Shundan so‘ng shahar sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limining 2021 yil 10 apreldagi 02/491-sonli xatiga asosan hamda koronavirus infeksiyasi talabalar va professor-o‘qituvchilar orasida keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida TATU Samarqand filialida ta'lim jarayoni 2021 yil 12 aprel kunidan boshlab 14 kunlik onlayn (masofaviy) tartibga o‘tkazilgan.

COVID-19 mazkur filial talabalar turar joyida yashaydigan talabalarda aniqlangani uchun, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan talabalar yotoqxonada 14 kunlik o‘z-o‘zini yakkalash jarayoniga olingan.

Ma'lumot uchun, so‘nggi kunlarda Samarqand viloyatida koronavirusga chalinish holatlari ko‘payib bormoqda. Kecha 11 aprel kuni viloyatda 24 kishida kasallik qayd etilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top