15:43 / 12.04.2021
6710

«Tegishli infratuzilma yaratilmay uylar qurib qo‘yilgan». To‘ra Bobolov «svet» o‘chishi, qurilish bo‘yicha yangi talab va hokimlik maktabi haqida

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Kun.uz bilan suhbatda avval bir nechta tuman hokimligiga tavsiya qilingani, ammo tasdiqlanmay qolgani, topshiriqlar va ularning ijrosi, yangi loyihalar va elektr energiyasida endi uzilishlar bo‘lmasligi haqida gapirdi.

Hokimlik juda katta maktab

Hokimlik juda katta maktab. Avval men Xususiylashtirish boshqarmasida ishlaganman. Agar qaysi obekt xususiylashtirilayotgan bo‘lsa, olis, chekka hududda bo‘lsa ham, borib, o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga harakat qilganman. O‘zim o‘sha obekt qayerda, qaysi hududda, qanday holatda ekanini to‘qson foiz bilganman. So‘ng palatada ishlaganimda ham shunday bo‘ldi. Tadbirkorlarning turli muammolari bo‘ladi, bunda ham joyiga borib, ular bilan suhbatlashib kelganman.

Surxondaryoni, viloyatdagi hamma hududni juda yaxshi bilaman. Deyarli hamma joyga borganman. Tumanda ishlamasdan, viloyat hokimi bo‘lish... Bunda ham tajriba bo‘lishi kerak, ko‘p narsani bilish lozim. Tumanda bevosita hokim sifatida ishlaganlar ko‘p maslahatlashib, avvalgi raislar bilan, yoshlar bilan maslahatlashib ishlaganman. Hozir ham tushunmasam so‘rayman, maslahat olaman. Laganbardorlikdan umuman yiroqman. Ko‘chada ham har qanday holatda fuqaro mashinani tanib, qo‘l ko‘tarsa to‘xtayman va eshitaman, masalasini yechishga harakat qilaman.

Elektr energiyasi bo‘yicha

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov

Elektr energiyasi ta'minoti bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Surxondaryoda hozir “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining viloyatda beton simyog‘ochlar chiqaradigan bitta korxonasi bor edi. Hozir uchta korxona ochilyapti. Surxondaryoga ajratilayotgan limit yetarlicha. Bu yerda muammo nimada? Tegishli infratuzilma, elektr simlarini tortmay uylar qurib qo‘yiladi, lekin qo‘lbola qilib tok tortib kelinadi. Bu borada ham hozir ishlar boshlandi.

Eng og‘ir hududlardan 99tasini “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturiga kiritganmiz. Shu hududlarda ish ketyapti, birinchi bo‘lib elektr energiyasi, suv va yo‘l muammosi hal etilyapti. Ikki oy mobaynida qariyb 650 kilometr tosh yo‘l qilindi. To‘g‘ri, elektr energiyasi ba'zan o‘chib turibdi, sababi Surxondaryoning qattiq shamoli bor. Shunday qishloqlar bor, tashkil etilganidan beri loyihalashtirish ishlari qilinmagan. Bunday uzilishlar shamol nuqtayi nazaridan ham bo‘ladi. Kuni kecha ham beton simyog‘ochlarni yetkazib berish masalasini muhokama qilib, qattiq gaplashib oldik. Bu bo‘yicha ishlarni boshlaganmiz. Surxondaryo elektr energiyasi bo‘yicha eng og‘ir hudud hisoblanadi.

“To‘polang” GES bor, bunda ikkita GES mavjud. Birinchisi, “Zarchob-1” kichik GES ishga tushdi, ikkinchisi ham yaqin kunlarda ishga tushadi. Shundan so‘ng, Sho‘rchi, Denov, Uzun, Sariosiyo, Oltinsoy tumanlari elektr energiyasi bilan to‘liq ta'minlanadi. Endi Surxondaryoda elektr ta'minoti bo‘yicha muammo bo‘lmasligi kerak. Bu yerda faqat bitta narsa bor - transformatorlarni kapital ta'mirlab olish va qo‘lbola simyog‘ochlarni almashtirish. Shundan keyin muammo bo‘lmaydi. Qishgacha, noyabr oyigacha buni ta'minlashga harakat qilamiz. Faqat Surxondaryoning shamoli, ayniqsa janubiy hududlarda kuzatiladigan qattiq shamol tufayli uzilishlar bo‘lishi mumkin. Hozirgi kunda birinchi navbatda infratuzilma, loyihani qilish bo‘yicha talab qo‘yilyapti. Bundan buyon loyihasiz qurilish bo‘lmaydi, hammasi loyiha bilan bo‘ladi. Talab shunday.

Topshiriqlar va ularning ijrosi

Buni tahlil qilib boraman. Topshiriq topshirilyapti, lekin uning ijrosi ham bor. Hozir yig‘ilishlar keskin qisqargan, ammo prezidentning, Vazirlar Mahkamasining berilgan topshiriqlarini bajarish masalasida ham. Ayrim holatlarda, masalan, tuman hokimlaridan bir oylab so‘ramaymiz. Sababi, u yerda tizimli ish tashkil qilingan. Ayrim hokimlarga qattiqroq gapiramiz, shundan ham ko‘rinib turadi. Hokim o‘rinbosarlaridan ham qaysi biri ko‘proq muhokama bo‘ladigan bo‘lsa, bu uning o‘z aravasini tortmayotganini bildiradi.

Men o‘rinbosarlarim bilan bir kunda hech bo‘lmaganda ikki marotaba gaplashaman. Telefonda bo‘lsa ham gaplashib, berilgan topshiriqlarning ijrosi haqida so‘rayman. Ulardan so‘ramay qo‘ysa ham sal boshqacha fikrga borib qolishi mumkin. Nega viloyat hokimi yoki rahbar so‘ramayapti, deb.

Surxondaryodagi yangi loyihalar haqida

Surxondaryo haqiqatda agrar viloyat hisoblangan. Biroq, keyingi to‘rt yilda yirik sanoat korxonalari paydo bo‘ldi. Prezidentning o‘zi katta imkoniyat berdi. Mendeleyev jadvalining barcha elementlari Surxondaryoda bor desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Viloyatga hokim bo‘lganimga ikki yil bo‘ldi, shu davr ichida tadbirkorlar, tashabbuskorlarni yirik korxonalar tashkil etishida qo‘llab-quvvatlab, amalga oshirayotgan loyihalarimiz bor.

Sherobod tumanida qishloq xo‘jaligi bo‘yicha qayta ishlash loyihasini yo‘lga qo‘ydik. Surxondaryoda qariyb 16 ming tonna anor mahsuloti olinadi, shuning bir kilogrammi ham qayta ishlanmagan. Qayta ishlash loyihasini yo‘lga qo‘yib, sharbat ishlab chiqarish ham boshlandi. Denov tumanida kuni kecha 7,5 mln dollarlik qiymatdagi yog‘ ishlab chiqarish loyihasi boshlandi. Muzrabot tumanida qamishdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshyapti, bu ham juda katta loyiha, uch mingga yaqin fuqaroning bandligi ta'minlanadi. Jarqo‘rg‘on tumanida gipsokarton ishlab chiqarish loyihasi ham yo‘lga qo‘yildi. Bundan tashqari, Oltinsoyda meva-sabzavotni, Angor tumanida terini qayta ishlash korxonalari ish boshlash arafasida turibdi. Shuningdek, Surxondaryoda uy mehnatini ham yo‘lga qo‘ydik.

Avvalroq, To‘ra Bobolov Surxondaryo hokimligiga kelishi, viloyatdagi kadrlar muammosi, Afg‘oniston va Otabek Sattoriy ishi haqida gapirgandi.

To‘liq video:

Top