19:02 / 13.04.2021
8435

«Bavariya» Parijda kichik sensatsiya qayd etmoqchi, «Chelsi» «Portu»ga qarshi. YeChL 1/4 final javob o‘yinlari anonsi

Bugun, 13 aprel seshanba oqshomida Yevropaning ikki shahri – Parij va Sevilyada o‘tadigan o‘yinlar bilan Chempionlar ligasi yarimfinaliga yo‘llanma olgan dastlabki jamoalar nomi ma'lum bo‘ladi. Final oldi finalga tenglashtirilgan bahsda «PSJ» Fransiyada «Bavariya»ni qabul qilsa, «Chelsi» va «Portu» klublari bir haftada ikkinchi marta Ispaniyada to‘qnash kelishadi.

Germaniyada o‘tgan dastlabki o‘yinda o‘tgan yilgi finalchilar «Bavariya» va «PSJ» o‘rtasidagi gollarga boy bahsda parijliklar Mbappening dubli va Markinosning goli evaziga g‘alaba qozonishgandi. Mezbonlarning javob gollari Shupo-Moting va Myuller hisobiga yozilgan. O‘sha o‘yindagi mag‘lubiyat – Flik boshchiligidagi myunxenliklarning YeChLdagi ilk mag‘lubiyatiga (2:3) aylandi.

Myunxenda bo‘lgani kabi Parijda ham Robert Levandovskisiz kelgan «Bavariya» yaqin orada hozirgidek qiyin vaziyatda qolmagandi. Jarohati sababli safdan chiqqan polshalik goleadordan tashqari, Gnabri koronavirus tufayli o‘yinni televizor orqali tomosha qiladi, shuningdek Kosta, Zyule, Tolisso ham shu kuni nemislarga yordam bera olmaydi. Shunday ekan, Flik qo‘l ostidagi bor tarkibdan foydalangan holda Parijda kerakli natija qayd etishiga to‘g‘ri keladi. Aks holda turnirning amaldagi chempioni «Park de Prens»da Chempionlar ligasi bilan xayrlashadi.

O‘tgan o‘yinda o‘z goli bilan parijliklar g‘alabasiga hissa qo‘shgan Markinosning xizmatidan bu safar Pochettino foydalana olmaydi. Braziliyalik futbolchi jarohati sababli maydonga tusha olmasligi aytilgan.

 Maurisio Pochettino («PSJ» bosh murabbiyi): «Hamma narsa ro‘y berishi mumkin. «Bavariya» - ayni damda jahonning eng yaxshi klubi. Raqibga nisbatan hurmatimiz cheksiz. Shu bilan birga o‘z kuchimizga ishonamiz. Javob bahsida ham faqat g‘alaba qozonish haqida o‘ylayapmiz».

 Xans-Diter Flik («Bavariya» bosh murabbiyi): «Eng kamida ikkita gol kiritishimiz kerakligini juda yaxshi bilamiz. Shunga yarasha tayyorgarlik ko‘rdik. Jamoa oldida turgan vazifa oson emas, ammo aynan shunday o‘yinlar uchun ham biz futbol o‘ynaymiz. Parijda kichik sensatsiya qayd etishni istaymiz. Barchasi biz istagandek amalga oshsa, bundan bag‘oyat xursand bo‘lamiz».

YeChL. 1/4 final. Javob o‘yini.

«PSJ» - «Bavariya»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: UzReportTV 

Taxminiy tarkiblar:

«PSJ»: Navas; Dagba, Danilu, Kimpembe, Diallo; Guey, Paredes; Di Mariya, Neymar, Draksler; Mbappe

O‘ynamaydi: Bernat (jarohat), Ikardi (jarohat), Markinos (jarohat), Kyurzava (jarohat)

So‘roq ostida: Florensi (noma'lum), Verratti (noma'lum)

Sariq kartochka tufayli keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin: Guey, Kyurzava, Neymar, Verratti

«Bavariya»: Noyyer; Pavar, Boateng, Ernandes, Devis; Kimmih, Alaba; Sane, Myuller, Koman; Shupo-Moting

O‘ynamaydi: Levandovski (jarohat), Kosta (jarohat), Gnabri (koronavirus), Zyule (jarohat), Tolisso (jarohat)

So‘roq ostida: Roka (noma'lum)

Sariq kartochka tufayli keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin: Boateng, Ernandes, Kimmih

Birinchi uchrashuv: 3:2

 «Chelsi» bir oyog‘i bilan yarimfinalda

Chorakfinal doirasidagi o‘yinlarini neytral maydon – Sevilyadagi «Ramon Sanches Pisxuan» o‘yingohida o‘tkazayotgan «Chelsi» va «Portu» o‘rtasidagi birinchi bahsda Tomas Tuxel shogirdlari rasman mehmon maqomida bo‘lishsa-da, ikki to‘p farqi bilan g‘alaba qozonishdi va bugungi javob bahsi oldidan yaxshigina ustunlikka ega. Umuman olganda, Sevilyadagi maydon London klubi uchun omadli arenaga aylanib ulgurgan. Guruh bosqichida ham «Chelsi» bu stadionda mezbon «Sevilya»ni 4:0 hisobida mag‘lub etib qaytgandi. Ammo «Portu» bu turnirda «Yuventus»ni turnirdan chiqarib yuborganini inobatga olsak, Tuxel shogirdlari har qanday holatda ham portugallardan ehtiyot bo‘lishi talab etiladi.

 YeChL. 1/4 final. Javob o‘yini.

«Chelsi» - «Portu»

O‘yin boshlanish vaqti: 23:59

TV-translatsiya: FutbolTV 

Taxminiy tarkiblar:

«Chelsi»: Mendi; Aspilikueta, Zuma, Ryudiger; Jyeyms, Jorjino, Kovachich, Alonso; Maunt, Havers, Pulishich

So‘roq ostida: Kristensen (jarohat), Tyago Silva (jismoniy holat)

Sariq kartochka tufayli keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin: Kovachich, Ziyesh

«Portu»: Marchesin; Manafa, Pepe, Mbemba, Zaydu; Korona, Serjiu Oliveyra, Uribe, Otavio; Marega, Toremiy

Sariq kartochka tufayli keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin: Mbemba.

Birinchi uchrashuv: 2:0

Mavzuga oid
Top